Pokiston Afgʻonistonga halokatli havo zarbalari berdi
Afgʻoniston Toliboni toʻqqiz nafar tinch aholi halok boʻlganini aytmoqda, Pokiston esa zarbalar natijasida 22 jangari oʻldirilganini bildirdi.

Pokiston Afgʻonistonda halokatli havo hujumlarini amalga oshirdi
Afgʻon Toliboni toʻqqiz nafar tinch aholi halok boʻlganini aytmoqda, Pokiston esa zarbalar natijasida 22 nafar jangari oʻldirilganini bildirmoqda.
Pokiston Afgʻonistonga yana havo hujumlari uyushtirdi, oqibatda toʻqqiz nafar tinch aholi halok boʻldi va yana 11 kishi yaralandi, deb xabar berdi Tolibon hukumati.
Islomobod Axborot vazirligi zarbalarni tasdiqlab, ular yigirma ikki jangarini yoʻq qilganini maʼlum qildi.
Afgʻon Toliboni bosh matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning aytishicha, zarbalar Pokiston bilan chegaradosh Kunar va Hilmand viloyatlaridagi uylarga berilgan. Halok boʻlganlar orasida ayollar va bolalar ham bor, deb yozdi u X tarmogʻidagi postida.
«Biz bu harakatni barcha qabul qilingan tamoyillarni buzuvchi tajovuz va jinoyat sifatida qoralaymiz», dedi u.
Pokiston butunlay boshqacha bayonot berib, «yaxshi rejalashtirilgan va aniq hisoblangan» hujum Afgʻonistondagi koʻp miqdorda qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar saqlanadigan «terrorchilar lagerlari»ni nishonga olganini aytdi.
Pokiston Axborot vazirligi tinch aholi orasida tasodifiy qurbonlar boʻlmasligini taʼminlash uchun maksimal darajada ehtiyot choralari koʻrilganini bildirdi.
Pokiston Afgʻon Tolibonini Afgʻoniston hududidan turib Pokistonga qarshi hujumlarni rejalashtiruvchi va amalga oshiruvchi jangari guruhlarga boshpana berishda qayta-qayta ayblab keladi.
Afgʻon Toliboni buni inkor etib, Pokistondagi jangarilik ichki muammo ekanini aytadi, biroq bu ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi munosabatlarning jiddiy yomonlashishiga olib keldi.
Ilgari ittifoqchi boʻlgan, keyinchalik esa dushmanga aylangan tomonlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar joriy yilning fevral oyida keskin tus oldi, oʻshanda Pokiston halokatli toʻqnashuvlar va chegaralararo havo zarbalari koʻpayganidan keyin Afgʻoniston bilan «ochiq urush» holatida ekanini eʼlon qildi.
Xitoy vosichiligidagi muzokaralar mart oyida zaif sulh tuzilishiga olib kelgan edi.
Oʻtgan oy Pokiston shimoli-gʻarbidagi politsiya mahkamasiga uyushtirilgan va 24 kishining hayotiga zomin boʻlgan qonli hujum ikki davlat oʻrtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirdi.
Oʻtgan hafta Pokiston Afgʻonistonga havo hujumlari uyushtirdi, ular boshqa viloyatlar qatori Tolibonning hokimiyat tayanchi boʻlgan Qandahorga ham zarba berdi. Afgʻon Toliboni hukumatiga koʻra, oʻsha avvalgi hujum oqibatida toʻrt nafar tinch aholi halok boʻlgan.

