“Pensiyaga chiqish yoshi uzaytirilmasa, soliq oshiriladi” — iqtisodchi

“Pensiyaga chiqish yoshi uzaytirilmasa, soliq oshiriladi” — iqtisodchi
O‘zbekistonda pensiya yoshi uzaytirilmasa, soliqlarni ko‘tarish zarurati paydo bo‘ladi. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov YouTube’dagi “Lolazor” podkastida o‘z fikrini bildirdi.
Ayni paytda pensiya tizimiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan. Hujjatda 2039-yilgacha pensiyaga chiqish yoshini erkaklar uchun 60 dan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 dan 58 yoshga oshirish ham ko‘zda tutilgan.
Podkastdagi suhbatda pensiya xarajatlarining ortishi davlat byudjetiga ham bosimni kuchaytirayotgani qayd etildi. “Jamoatchilikning 90 foizdan ortig‘i pensiya yoshini uzaytirishni istamasa nima bo‘ladi”, degan savolga javoban Otabek Bakirov aks holda soliqlar oshirilishiga urg‘u berdi.
“Unda soliq oshadi-da. Nima uchun buni men qabul qilish kerak deb hisoblaganimni aytayin endi. Xarajatlar va daromadlar o‘rtasida muvozanatni taʼminlash kerak. Muvozanatni taʼminlashning turli yo‘llari bor. Eng oson yo‘li soliqni oshirish, yaʼni ijtimoiy soliqni 12 foizdan 15 foizga oshirish. Men buni umuman qabul qilmayman va noto‘g‘ri deb bilaman. Ikkinchi radikal yo‘li yoshni birdaniga oshirishdan iborat. Bular shuning uchun ham yoshni sekin yumshatib oshirmoqchi bo‘lyapti, soliqning stavkasiga tegmayapti”, dedi tahlilchi.
Suhbat davomida Pensiya jamg‘armasi direktori Murodbek Otajonov ham jamg‘arma daromadlari aholini pensiya to‘lovlari bilan to‘liq taʼminlashga yetmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlarning qariyb 26 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplanmoqda. Bu 2026-yil uchun taxminan 23 trillion so‘mni tashkil etadi. Agar tizimda o‘zgarish qilinmasa, 2030-yilga borib taqchillik 40 foizgacha oshishi mumkin.
“Tushunishimcha, pensiya yoshini oshirishdan asosiy maqsadlardan biri hisob-kitoblar bo‘yicha 2040-yilga borganda pensionerlar soni ishlovchilar soniga nisbatan keskin oshadi. Buning evaziga ishlovchilar to‘layotgan ijtimoiy soliqlar pensionerlarni boqishga yetmay qoladi. Natijada jamg‘arma hozirgiga nisbatan ham katta zararga kirib qoladi. Oxir-oqibat davlat aytadiki: “o‘rtoqlar, qo‘yinglar endi, kelinglar soliqni oshiramiz, pensionerlarni taʼminlash uchun mana bu ishlayotgan odamlar ko‘proq soliq to‘lasin deydi”, deya fikr bildirdi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Otabek Bakirov pensiya miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xavflardan biriga ham to‘xtaldi.
“Yildan yilga pensiyaning indeksatsiya foizi pasayib boryapti. Misol uchun, kelasi yilga 5,9 foizga oshishi prognoz qilinyapti. Bu yil 7 foiz indeksatsiya qilindi. Kelasi yil bundan ham pastroq indeksatsiya bo‘ladi. Yaʼni defitsit oshavergan sari, tabiiyki, davlat xarajatni qisishni boshlaydi, indeksatsiya qilishni sekinlashtiraveradi”, dedi iqtisodchi.
Mamlakatda pensiya mablag‘lari byudjetdan tashqarida, yaʼni ijtimoiy soliqning Pensiya jamg‘armasi hisobiga o‘tkazilishi orqali shakllanadi. Yaʼni hozir O‘zbekistonda rasmiy ishlovchilar pensiyadagilarga nafaqa to‘laydigan tizim ishlamoqda.
“Davlat bizga pensiya beryapti degan gap juda ham to‘g‘ri emas. Aslida meni cho‘ntagimdan olib, falonchiga olib borishni davlat taʼminlab beryapti”, dedi Murodbek Otajonov.
Biroq Konstitutsiyada pensiya kafolatlangani sababli to‘lovlar yetmayotgani uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmoqda.
Avvalroq pensiya yoshini oshirishga aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi va pensiya olish davri uzaygani sabab sifatida aytilgandi.
Hozir O‘zbekistonda 4,3 million nafar pensioner bor. Ular jami aholining 11,2 foizini tashkil etadi. 2040-yilda pensionerlar soni 8 million nafarga yetib, aholining umumiy sonidagi ulushi 15 foizgacha oshishi prognoz qilingan.

