O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlarga ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimovning aytishicha, yangi tartib fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlik vakili “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida, hozirda o‘zini o‘zi band qilganlarning 30 foizi soliqni o‘z ixtiyori bilan to‘layotganini ta’kidladi.
“Hozirda 2,8 million nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarodan 800 mingga yaqini ixtiyoriy ravishda soliq to‘laydi. Agar ular pensiya jamg‘armasiga bazaviy hisoblash miqdorida (hozirda 412 ming so‘m) to‘lov qilsalar, ularga bir yillik ish staji avtomatik ravishda hisoblanadi. Mana shuni rag‘batlantirish maqsadida majburiy tartibda belgilash tizimini joriy qilmoqchimiz,” dedi vazir o‘rinbosari.
Otabek Fozilkarimovning fikricha, fuqarolarning pensiyaga chiqishida staji yetarli bo‘lishini ta’minlash bilan birga, to‘lagan pullaridan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga ajratmalar joriy qilinadi. Yangi tizimda kelgusida bola parvarishi yoki kasallik sabab nafaqa taʼtiliga chiqqanlarga nafaqa olish imkoniyati yaratiladi.
“Davlat rahbari shu bo‘yicha alohida topshiriqlar berdi, takliflarimizni maʼqulladi,” dedi vazirlik rasmiysi.
Hozirda Pensiya jamg‘armasi moliyalashtiradigan pensionerlar soni 4,3 million nafardan oshgan. Ularga 2026-yilda jami 86 trillion so‘m to‘lash belgilangan. Bu har bir pensioner uchun oyiga o‘rtacha 1,66 million so‘mni tashkil etadi.
Pensiya hisoblash tartibi o‘zgartiriladi. 2026-yil 14-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga pensiya tizimiga yangilik kiritishga oid taqdimot qilindi. Muloqotda pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Hozirda pensiya oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqidan hisoblanadi. Shuningdek, ish haqining 6 million so‘mdan yuqori qismi hisobga olinmaydi, bu esa ayrim hollarda fuqarolar pensiyasining o‘rtacha miqdori pasayishiga olib kelmoqda.
Taqdimotda pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish va past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilingan. Shuningdek, 2027-yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan 8 foizga oshirilishi mumkin.
Taqdimotda oylik ish haqi 7,6 million so‘mgacha bo‘lgan fuqaro jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5 foizini o‘tkazsa, davlat tomonidan qo‘shimcha yana 2,5 foiz miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan. Oylik ish haqi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa to‘langan ijtimoiy soliqning shu miqdordan oshgan qismining 1 foizini ularning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etilgan.

