Issiqlik tariflari, yopiq imtiyozlar va pensiya islohoti - Otabek Bakirov bilan fiskal takliflar tahlili
Issiqlik tariflarini ijtimoiy normadan tashqarida besh barobargacha oshirish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq rejimini YaTTlar bilan tenglashtirish, uyali aloqa kompaniyalariga foyda solig‘ini kamaytirish, pensiya tizimi va ta’lim kreditini takomillashtirish.

**Issiqlik tariflari, imtiyozlar va pensiya islohoti: Otabek Bakirov bilan fiskal takliflar tahlili**
Moliya vazirligining Fiskal tahlillar instituti iyul oyining oxirida e’lon qilgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan takliflar orasida issiqlik tariflari, yopiq imtiyozlar va pensiya islohoti masalalari ham bor. Kun.uz ushbu takliflar yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi.
**“Muloqot davom etishi shart”**
Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, avvalgi yillarda soliq va byudjetdagi o‘zgarishlar jamoatchilik bilan muhokama qilinmas edi. Har yili dekabr oyining oxirida, parlament quyi palatasida bir necha soatlik muhokamalardan so‘ng tasdiqlanadigan byudjet orqali bu o‘zgarishlardan xabar topilardi. Bu holat doimiy ravishda ko‘plab muhokamalar va tanqidlarga sabab bo‘lardi. Shu nuqtai nazardan, Bakirovning fikricha, hozirgi muloqotning paydo bo‘lgani quvonarli hol. Uning ta’kidlashicha, bu muloqot davom etishi kerak, chunki yoqimsiz va murakkab masalalarning yechimini, murosasini muloqotsiz topib bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, fiskal muloqotda bildirilgan ko‘plab takliflardan faqat ikkita-uchtasi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Asosan, odamlarning cho‘ntagiga, solig‘ining oshishiga yoki tashvishiga bevosita ta’sir qiladigan masalalar muhokama qilindi. Aksariyat masalalar chetda qolib ketgandek tuyuldi. Bakirovning aytishicha, issiqlik tariflari masalasi yozning jaziramasida dolzarb muammo bo‘lmagani uchun ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmadi, u kuz va qishga borib muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masala sifatida qabul qilindi.
**Issiqlik ta’minotida tannarx qanchalik haqqoniy?**
Issiqlik tariflari masalasiga to‘xtalib, Bakirov so‘nggi uch yilda bu masala har yili ko‘tarilishini qayd etdi. Toshkent shahri issiqlik tariflari bo‘yicha eng ko‘p subsidiya oladigan hudud hisoblanadi. Veolia boshqaruviga berilganidan so‘ng, aholi to‘lovlari tannarxning 15 foizidan boshlab, asta-sekin 16, keyin 17 foiziga chiqqani aytilgan. O‘tgan yilgi tariflar oshirilganidan keyin esa aholi to‘lovlari tannarxning 18-20 foizini qoplayotgani ma’lum qilingan edi. Bakirov o‘shanda hisob-kitob qilib, agar tarif har yili 50-55 foizdan oshirib borilsa, taxminan to‘rt yil ichida bazaviy tarifga yetkazib olish mumkin bo‘lishini aytgan.
Bu yerda juda muhim jihat bor: agar ular aytayotgan tannarx haqiqatan ham haqqoniy bo‘lsa. Biroq, energetika, transport va boshqa davlat monopoliyalari ko‘rsatayotgan xizmatlarda tannarxning haqqoniyligi doim savol ostida qoladi. 2022 yildan boshlab energetikadagi har kilovatt soatining, gaz kubasining tannarxi haqida gapiriladi, ular har yili oshirib boriladi. Ammo bu tannarx qanchalik haqqoniy degan savolga hech kim javob bermaydi.
Fiskal muloqotda mavjud amaldagi tariflarni 5,5 barobarga ko‘tarish, 60 kvadrat metrgacha ijtimoiy normani joriy qilish, ikkinchi va undan keyingi kvartiralarga to‘liq tijoriy tariflarda xizmat ko‘rsatish takliflari ilgari surilgan. Bakirovning fikricha, bu takliflardan avval, tannarx masalasining shaffofligini ta’minlash va mustaqil o‘rganishlar o‘tkazish zarur. Uning savollari: tannarx o‘zi qancha? Tannarx qanchalik oshirilgan, boshqaruv, ma’murchilik, kreditlar va sotib olinayotgan texnika uskunalari bilan bog‘liq xarajatlar qancha? Bakirovning ta’kidlashicha, faqatgina manfaatdor tomonning raqamlariga ishonib qolmasdan, avval tannarx qanaqa degan savolga javob berish kerak. Bu aholi ishonchi uchun ham muhim.
Ikkinchi masala shuki, bu masalani har yili keyinga surish noto‘g‘ri. O‘zbekiston bo‘yicha markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmati sanoqli shaharlarda mavjud. Boshqacha aytganda, Toshkent shahri va bir necha kichik shaharlarda markaziy isitish tizimi ishlashi uchun butun O‘zbekiston soliq to‘laydi. Ya’ni, Andijonlik, Surxondaryolik ko‘mir yoqadigan, Xorazmda o‘tin yoqadigan soliq to‘lovchilar Toshkent shahri, Navoiy yoki Zarafshon shahridagi qulaylik uchun o‘zlarining to‘lagan solig‘i hisobiga qolganlarga subsidiya beriladi. Bu qanchalik adolatli?
Uchinchi masala shuki, issiqlik uchun subsidiyalar yildan yilga oshib bormoqda. Bakirovning aytishicha, jami subsidiyalarning byudjetdagi ulushi kamaytirib borilayotganiga qaramay, hatto gazga ajratilayotgan subsidiyalar ham kamaytirilsa-da, issiqlikka ajratilayotgan subsidiyalar yildan yilga oshib bormoqda. Buni qayerdadir to‘xtatish kerak.
Agar davlat subsidiya berar ekan deb, xarajatlarni amalga oshiraversa va uni qoplashda davom etaversa, buning nihoyasi qayerda? Bu qayerda to‘xtaydi? Bakirovning fikricha, bu savolga ijro nuqtai nazaridan javob berilishi kerak, bugun bo‘lmasa ertaga.
Bakirov fiskal muloqotda aniq reja ko‘rmaganini ta’kidladi: "Mana bizning rejamiz shunday, bu rejani amalga oshirilishi 2027-yilda bu qadam bilan, 2028, 2029, 2030-yilda bu qadam bilan amalga oshiriladi degan taklifni ko‘rmadim. Ya’ni umumiy gap aytildi, besh-besh yarim barobar biz tariflarni oshiramiz deyildi. Bu qancha muddat ichida amalga oshiriladi? Qanaqa qadamlar qo‘yiladi? Ya’ni bu yuk birdaniga aholiga, ayniqsa ijtimoiy og‘riqlarga ega aholiga qanday ta’sir ko‘rsatadi degan savollarga javob olganimiz yo‘q."
**Byudjetga qo‘shimcha tushumlar qayerga sarflanadi?**
Soliq va byudjet bilan bog‘liq har qanday o‘zgarishlar "nimaning evaziga nimaga erishmoqchimiz" degan savolga javobdan boshlanishi kerak. Bakirov Fiskal institutni tanqid qilishni istamasligini, chunki ular byudjetning xarajatlar qismiga to‘la-to‘kis taklif bera olmasligini, chunki uning ustida turgan boshqa davlat organlari ham borligini aytdi. Agar Fiskal institut samimiy, xalqqa tushunarli bo‘ladigan muloqotni davom ettirishni istasa, bitta narsani aniq qilib yetkazish kerak bo‘ladi: "Bizga 2027 yilda shuncha qo‘shimcha byudjet daromadi kerak. Aytaylik, 10 trillion so‘m qo‘shimcha byudjet daromadi kerak."
Xo‘p, bu qo‘shimcha daromadlarni nimaga sarflaymiz? Ma’muriy xarajatlarga, ya’ni boshqaruv xarajatlariga, amaldorlarga sarflaymizmi, iqtisodiyot xarajatlariga, ijtimoiy xarajatlargami, shuni avvalboshdan aytish kerak.
Masalan, issiqlikdan 2 trillion subsidiya bo‘shatib olinmoqchi. Qo‘shimcha soliqqa tortish, YaTTlarni yoki o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘shimcha soliqqa tortish hisobidan, aytaylik, 1 trillion so‘m qo‘shimcha tushumga erishmoqchimiz. Yana qaysidir soha, masalan uglerod solig‘ini joriy qilish orqali shuncha qo‘shimcha byudjet olmoqchimiz. Bo‘shagan daromadlarni va qo‘shimcha kelgan daromadlarni shu sohalarga sarflamoqchimiz deydigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bu harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Istalgan mamlakatda, erkin dunyo mamlakatlarida har qanday soliq o‘zgarishlari faqatgina u soliqlarni joriy qilinishi bilan emas, o‘sha soliqlardan keladigan qo‘shimcha daromadlar yoki bo‘shagan mablag‘larni qayoqqa qanday taqsimlanishi haqida bo‘ladi. Bakirov mana shu taqsimlanish bo‘yicha muhokamalarni yoki takliflarni ko‘rmaganini aytdi.
O‘z-o‘zidan, bu takliflar ijobiy qabul qilinmagani yoki ko‘tarinki ruh bilan qabul qilinmaganining sababi ham shunda. Soliq to‘lovchi "Biz nima uchun issiqlikka endi ko‘proq to‘laymiz, evaziga nima olamiz" degan savolga javob ola olishi kerak. Bu tarafi kafolatlanmasdan turib, bu yoqdan taklif berilishi ishonch yaratmaydi, ko‘prik yaratmaydi.
2017 yildan buyog‘iga qaraydigan bo‘lsak, har safar qo‘shimcha soliqlar, qo‘shimcha tariflarning oshishi evaziga nima olingani bilan bo‘lgan moddiy kartina yaratilgani yo‘q. Shu moddiy kartinaga ishonch hosil qildirilishi kerak.
**“Yopiq tarzda berilgan imtiyozlar bekor qilinishi kerak”**
Byudjet daromadlarini ko‘paytirish, qo‘shimcha soliqlar yoki tariflar masalasi kelganda doim aytamiz: "To‘xtanglar, avval birinchi navbatda shu paytgacha berilgan imtiyozlarni, u ochiqmi, yopiqmi, qanchalik samarali bo‘lganini bir o‘zimizga belgilab olaylik."
Ayrim imtiyozlar haligacha ishlab kelyapti. Misol uchun, yopiq imtiyozlarning juda ko‘pchiligi haligacha ishlab kelyapti. Juda ko‘pini bilmaymiz. OAVga taqdimot qilingan raqamlarni ko‘radigan bo‘lsangiz, o‘sha imtiyozlarni yopiq qarorlar asosida berilgan tasnifi, ochiq qarorlar asosida berilgan tasnifi yo‘q. Soliqlar qirqimida tasnifi bor imtiyozlarning, qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va hokazo, aylanmagacha bo‘lgan qismi bor. Lekin bu imtiyozlarning qanchasini biz boj bo‘yicha, soliqlar bo‘yicha yopiq ko‘rinishda berganmiz?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili e’lon qilib boryapti, kim qancha imtiyoz oldi deb. Hattoki Korrupsiyaga qarshi kurash agentligida ham o‘sha yopiq imtiyoz olganlarning qancha imtiyoz hajmi borligi to‘g‘risida ma’lumot olishga imkoni yo‘q.
Muvozanat masalasini ko‘rishimiz kerak degan paytda, aholiga kelgan joyi ko‘rilyapti-da, yirik biznesga – o‘sha katta davlat dasturlariga kirib olgan, davlat buyurtmalariga kirib olgan, turli pudratlar, turli yirik investitsion loyihalardagi sub’yektlarning imtiyozlari haqida gap ochilmayapti umuman. Shu yerda samimiyat masalasi ko‘tariladi.
Shuning uchun mana shu taftish qismi, avval berilgan, ayniqsa yopiq ko‘rinishda berilgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqilishi, ularni bekor qilinishi masalasi ham kun tartibida bab-baravar bo‘lishi kerak. Agar shu kun tartibida bo‘lmaydigan bo‘lsa, bu xuddiki o‘gay bolaga bitta munosabat, o‘zini bolasiga bitta munosabat bo‘lgandek bo‘ladi.
**“YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar solig‘i tenglashtirilsa, imtiyoz olgan kompaniyalar ham ijtimoiy soliqni to‘lashi kerak”**
Hozir yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilganlar aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydi. Farqi: YaTTlarda besh nafargacha xodim yollash imkoniyati bor va ular har oy 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa ijtimoiy soliq ixtiyoriy, ular agar ish staji hisoblanishini xohlasa, yiliga 1 BHM ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashi mumkin.
Fiskal institut 2027-yildan boshlab YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliqni tenglashtirishni taklif qilyapti. YaTTlar va o‘zbandlarga yiliga taxminan 2 mln so‘m atrofidagi ijtimoiy soliq belgilash ilgari surilyapti. Bu taklifda ijtimoiy soliq YaTTlar uchun kamayadi, o‘zbandlar uchun esa oshadi va majburiy bo‘ladi.
Shu yerda bitta savol tug‘iladi. Agar YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlarning soliq yuki tenglashtiriladigan bo‘lsa, o‘zini o‘zi band qilishning mohiyati qolmay qoladi-ku? Sababi, o‘zini-o‘zi band qilganlardan farqli ravishda, YaTTlar beshtagacha odam yollay oladi. Ya’ni ular nima uchun ko‘proq soliq to‘lar edi, degan savolga javob shu yerda.
Ikkinchisi, YaTTlar chakana savdo bilan shug‘ullanishi mumkin. O‘zini o‘zi band qilganlar esa savdo bilan shug‘ullana olmaydi. Bu yerda oqibatlar haqida gapirishimiz kerak, ya’ni bugun mavjud bo‘lgan 2,8 million o‘zband ertaga hammasi soliq to‘lovchiga aylanib qoladi degan xulosaga kelmaslik kerak. Matematik yanglishuv bo‘ladi. Ya’ni bugun mavjud bo‘lgan 380 ming yoki 400 ming atrofidagi YaTTlarning haqiqatan ham solig‘i kamayishi mumkin. Lekin 2,8 million o‘zini o‘zi band qilganlarning hammasi ertaga ijtimoiy soliq to‘lovchisiga aylanib qoladi, degan fikrga yoki modelga bormaslik kerak.
Agar YaTT va o‘zbandlar o‘rtasida farq yo‘qolsa, o‘zini o‘zi band qilganlarning juda katta qismi yopiladi yoki YaTTga o‘tib oladi. Nima qiladi soliq yuki bir xil bo‘lsa-yu, imtiyozi bo‘lmasa?
O‘zini o‘zi band qilish maqomi pandemiya paytida, daromadlari doimiy bo‘lmagan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy qilingan edi. Ungacha bizda bu maqom mavjud emas edi. Keyingi yillarda bu aholini band qilishdagi asosiy instrumentga ham aylandi. Demak, bu takliflar agar amaliyotga joriy qilinadigan bo‘lsa, qabul qilish kerak bo‘ladiki, o‘zini o‘zi band qilganlar soni keskin kamayadi. Faoliyatini davom ettiradiganlar, davom ettirish istagidagilar YaTTga o‘tib oladi.
Ijtimoiy soliq to‘g‘risidagi takliflar to‘g‘ri. Hammaga bab-baravar yuk tushishi kerak. Bekorga bu mazmunni yana boyagi imtiyozlar masalasiga olib borib taqamoqchi emasman. Bizda 2020 yildan keyin ijtimoiy soliqdan to‘liq ozod qilingan kompaniyalar bor. Ochiq qarorlar bilan, yopiq qarorlar bilan. 1 foizlik ijtimoiy soliq to‘laydigan hududlarimiz yoki sohalarimiz bor, tarmoqlarimiz bor. Demak, u yerda ham shu minimumni joriy qilish kerak bo‘ladi. Chunki yana nomutanosiblik paydo bo‘ladi. Biz YaTTlar va o‘zbandlar o‘rtasidagi adolatni ta’minlamoqchi bo‘layotgan bo‘lsak, shu adolatimizni boshqa imtiyozli guruhlarga ham, imtiyozli kompaniyalarga ham tatbiq etishimiz kerak bo‘ladi. Aks holda, bizning samimiyatimiz boyagidek savolli bo‘lib qoladi. Bu takliflarga hech kim ishonmay qoladi.
Shuning uchun agarda o‘zbandlar va YaTTlar bilan bog‘liq ijtimoiy soliq masalasi taklif etilayotgandek joriy qilinadigan bo‘lsa, shu minimumni, ya’ni jon boshiga, har bir band aholiga 2 million so‘m atrofidagi mablag‘ni imtiyozi bor bo‘lgan kompaniyalarning xodimlariga ham minimum sifatida ishlatish kerak. Boshqacha variantni men ko‘rmayapman.
**“Banklar va uyali aloqa kompaniyalarining foyda solig‘i pasaytirilmasligi kerak”**
Avvaliga nima sababadan tijorat banklari, bozorlar va uyali aloqa kompaniyalarining foyda solig‘i 20 foiz bo‘lib kelganini tushuntirsam. Yangi Soliq kodeksiga 2020-yildan o‘tilgandi. Unda foyda solig‘i hammaga 15 foiz, banklar, uyali aloqa va bozorlarga esa 20 foiz degan masala o‘sha paytdagi konsensus bilan bog‘liq edi. Ya’ni soliq reformamiz paytida byudjet daromadlarini pasaytirib yubormaslik masalasi ham bor edi. Banklar, bozorlar va uyali aloqa kompaniyalari – doimiy yuqori daromadga ega sub’yektlar. Ular yirik soliq to‘lovchilar hisoblanadi va ularning alohida ma’murchiligi, soliq nazorati bor. Ularning daromadi doimiy, ulardan soliq olish juda ham oson. Shuning uchun ham o‘sha o‘tish davrida byudjet daromadlarini kamaytirib yubormaslikning usullaridan biri – doimiy soliq to‘layotgan shu uchta toifaga 20 foizlik stavkani qoldirish edi. (Nima sababdan ularga foyda solig‘ini 20 foiz stavkada qoldiryapmiz, qolganlarnikini 15 foizga tushiryapmiz degan savolga aniq javob bo‘lmagan edi. Yuqoridagilra – bu mening mulohazam).
Ikkinchi masala, hamma muhokama qildi, banklarni endi bundan buyog‘iga pulda ifodalangan xizmatlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashi-yu, evaziga foyda solig‘ining 20 foizdan 15 foizga tushirilishi ko‘p muhokama bo‘ldi. Lekin uyali aloqa kompaniyalariga kelganda hech kim bu masalani ko‘targani ham yo‘q. Siz bilan suhbatimiz boshida aytib ketdim-ku, juda ko‘p takliflar, o‘ndan ortiq takliflar ichida muhokama qilinmasdan tirqishdan o‘tib ketadigan takliflar ham bor. Shu tirqishdan o‘tib ketishi kutilayotgan takliflardan biri, meni nazarimda, uyali aloqa kompaniyalari uchun soliq stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirish. Men buning ma’nosini tushunmadim.
Oxirgi uch yil ichida uyali aloqa kompaniyalari uchun aksiz solig‘i 20 foizdan nolga tushirib berildi. Avval 20 dan 15 ga, keyin 15 dan 10 foizga, keyin umuman bekor qilindi. Ayni bir paytda uyali aloqa kompaniyalari tariflarni oshirishdan to‘xtagani yo‘q. Xizmatlarni yaxshilab qo‘ygani yo‘q. Endi savol tug‘iladi, to‘xta, davlat sizlarga aksizlarni nol qilib bergan bo‘lsa, nimaga tariflarni oshiryapsiz degan savolni hech kim ko‘tarmayapti.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining o‘zining hisob-kitobiga ko‘ra, aksizlarni bekor qilishning o‘zidan uyali aloqa kompaniyalaridan olinadigan soliqlar 1,2 trillion so‘mga kamaygan. Ya’ni biz uyali aloqa kompaniyalariga aksizlarni bekor qilib, ularga 1,2 trillion so‘m topshirgandik. Bir tomondan, o‘zini o‘zi band qilganlardan qanaqadir summalarni, “tiyinlarni” yig‘moqchimiz, boshqa tomondan esa trillionlarni uyali aloqa kompaniyalariga o‘z ixtiyorimiz bilan topshirmoqchi bo‘lyapmiz.
Banklar ham 20 foiz soliq to‘lashi kerak. Kerak bo‘lsa, QQSga ham kiritish kerak. Agarda masala aholidan imtiyozlarni mahrum qilish, aholini tariflarini oshirish o‘rtasidagi ssenariylar haqida gap ketadigan bo‘lsa, yomon ssenariylar ichida “yaxshiroq yomoni” banklarning ham, uyali aloqa kompaniyalarining ham foyda solig‘ini 20 foiz darajasida qoldirish hisoblanadi.

