Layfstayl

Patrik Pruno soatsozlik san’ati va O‘zbekiston haqida: “Soat g‘oyadan boshlanadi va o‘z egasini topadi”

Ulysse Nardin va Girard-Perregaux bosh direktori Patrik Pruno ilk bor Toshkentga keldi. Tashrif davomida u O‘zbekiston lyuks soatlar bozorining salohiyati, Premier Group bilan hamkorlik va Tashkent City Mall’da brendlarni rivojlantirish haqida gapirdi.

Patrik Pruno soatsozlik san’ati va O‘zbekiston haqida: “Soat g‘oyadan boshlanadi va o‘z egasini topadi”

Patrik Pruno uchun bu O‘zbekistonga ilk safar, ammo u bu yerga kelishni ancha vaqtdan beri rejalashtirib yurgan. Bunga sabablaridan biri Premier Group bilan hamkorlikda mahalliy bozorda Ulysse Nardin va Girard-Perregaux’ni rivojlantirish edi.

Pruno O‘zbekistonni yuqori soat san’ati segmenti uchun istiqbolli bozor deb hisoblaydi. U bu yerda kuchli madaniyat va o‘ziga xoslik, hashamat olamiga ochiqlik, shuningdek, sifat, tarix va mahoratni qadrlash borligini alohida ta’kidlaydi — aynan shu omillar yuqori sifatli mahsulotning qiymatini shakllantiradi.

“Bu men uchun juda istiqbolli bozor. Bu yerda kuchli madaniyat, o‘ziga xoslik va shu bilan birga luxury olamiga ochiqlik mavjud. Mahsulotni haqiqatan ham hashamatli qiladigan narsani tushunish ham bor. Gap sifat va meros haqida ketmoqda. Brendlarimizning esa aytadigan gaplari ko‘p. Ulysse Nardin 180 yillik, Girard-Perregaux esa 230 yildan ortiq tarixga ega”, — deydi Patrik Pruno.

Uning aytishicha, ushbu tashrif o‘zbek soat ixlosmandlari va kolleksionerlari bilan shaxsan tanishish imkonini berdi.

Hozirda Ulysse Nardin va Girard-Perregaux Tashkent City Mall’dagi Premier Tashkent do‘konida namoyish etilgan. Brendlar uchun har bir yangi mavjudlik nuqtasi alohida ahamiyatga ega. Ular imkon qadar keng distributsiyaga intilmaydi va bozorlar hamda hamkorlarni tanlashda ehtiyotkor yondashadi.

“Dunyo bo‘ylab savdo nuqtalarimiz ham, hamkorlarimiz ham ko‘p emas. Shuning uchun brendlarimiz taqdim etilgan har bir joy biz uchun haqiqatan ham muhim. Bizning yondashuvimiz — kamroq qilish, lekin buni a’lo darajada bajarishdir”, — deydi Pruno.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tamoyil nafaqat chakana savdo tarmog‘ini rivojlantirishga, balki soatlarning o‘zini yaratishga ham taalluqli. Bitta yangi modelni ishlab chiqish olti yoki yetti yil davom etishi mumkin. Shu vaqt ichida g‘oya dastlabki fikrdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.

Patrik Prunoning ta’kidlashicha, u uchun ishlab chiqaruvchi, hamkor va bo‘lajak soat egasi o‘rtasidagi aloqa ayniqsa muhim:

“Menga hamma narsa Shveysariya tog‘laridagi odamning miyasidagi g‘oyadan boshlanishi haqida o‘ylash yoqadi. Biz g‘oyadan soatni yaratishgacha bo‘lgan butun yo‘lni bosib o‘tamiz, keyin esa ularni Toshkentda kolleksioner tanlashi mumkin. Odamlarni umumiy qadriyatlar atrofida birlashtiradigan o‘ziga xos global aloqa paydo bo‘ladi. Bu ijodkorlik, sifat va madaniyatdir”.

Patrik soatsozlik sanoatining o‘ziga xos jihatlarini tushunadigan kompaniya bilan ishlashni bozorda uzoq muddatli ishtirokning asosiy shartlaridan biri deb biladi. Brendlarni Premier Group bilan ko‘p yillik hamkorlik bog‘lab turadi. Uning ta’kidlashicha, nafaqat hamkorning tijorat ko‘rsatkichlari, balki jamoaning soat san’ati va luxury segmentga munosabati ham muhim.

“Oxir-oqibat, hamma narsa odamlar atrofida quriladi. Biz soatlarni yaratishda ham, biznesni rivojlantirishda ham odamlar va ularning ishtiyoqi muhim ahamiyatga ega. Premier Group kuchli jamoaga ega, biz bir-birimizni ko‘p yillardan beri bilamiz. Bizning qarashlarimizni baham ko‘radiganlar bilan ishlash biz uchun muhim”, — deydi Pruno.

U, shuningdek, Ulysse Nardin va Girard-Perregaux’ning mustaqil xarakterini alohida qayd etadi. Uning aytishicha, brendlar ortida soatsozlik san’atiga chin dildan qiziqadigan tadbirkorlar va odamlar turibdi. Ularning vazifasi esa ko‘p asrlik tarixga ega manufakturalar merosini rivojlantirishdan iborat.

“Premier Group luxury va soat san’atini tushunadi. Ular shijoatli, bu sohada uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritib keladi va unda uzoq vaqt qolish niyatida. Bu biz uchun o‘ta muhim. Bu bozorda bundan yaxshiroq hamkorni orzu qila olmasdim”, — deya ta’kidlaydi Patrik Pruno.

Ulysse Nardin va Girard-Perregaux parallel ravishda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, har bir brend o‘z shaxsiyati, tarixi, dizayni va soat yaratish yondashuvini saqlab qoladi. Ularni Haute Horlogerie’ga mansublik, yuksak soatsozlik san’ati, murakkab va nozik mexanizmlar hamda ko‘p yillik meros birlashtiradi.

Ulysse Nardin’ni Patrik Pruno avvalo texnologik tajribalar, innovatsiyalar va mexanik soatlar haqidagi an’anaviy tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga intilish bilan ajralib turadigan brend sifatida ta’riflaydi.

Bunday yondashuvning yorqin namunalaridan biri Freak kolleksiyasi bo‘ldi. 2001-yilda paydo bo‘lganidan so‘ng, u odatiy strelkalar, soat yuzi va burish boshchasidan voz kechdi va vaqt o‘tishi bilan Ulysse Nardin’ning asosiy loyihalaridan biriga aylandi.

“Oddiy qilib aytganda, Ulysse Nardin — bu katta tarixga va odatiy qoidalarni buzishga intilishga ega bo‘lgan juda innovatsion Haute Horlogerie brendi. Freak va murakkab astronomik soatlar manufaktura xususiyatini yaxshi ifodalaydi”, — deydi Patrik Pruno.

Bu falsafa Super Freak’da yanada rivoj topdi. 18 karatli oq oltindan yasalgan korpusdagi model Freak g‘oyasini saqlab qoladi, biroq uni yangi texnik bosqichga olib chiqadi. Bu yerda ham an’anaviy siferblat va strelkalar yo‘q, mexanizm esa vaqt indikatsiyasining bir qismiga aylanadi. Super Freak ikkita muallaq turbiyon bilan jihozlangan bo‘lib, uni yaratish uchun yuzdan ortiq maxsus asbob ishlab chiqilgan. Har bir nusxa bitta usta tomonidan yig‘iladi va seriya 50 soat bilan cheklangan.

Texnik murakkabligiga qaramay, model vizual jihatdan vazminligicha qoladi. Oq oltindan yasalgan korpus, ochiq arxitektura va Nanosital materialidan tayyorlangan innovatsion moviy shaffof soat diski klassik qimmatbaho materialni deyarli futuristik mexanika bilan uyg‘unlashtiradi. Bu uyg‘unlikda Ulysse Nardin xarakteri ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi, uning uchun an’anaviy soatsozlik tajribaga asos bo‘ladi.

Girard-Perregaux’ni Patrik Pruno boshqacha tasvirlaydi. Agar Ulysse Nardin tajriba va texnologik jasorat bilan bog‘liq bo‘lsa, Girard-Perregaux, uning so‘zlariga ko‘ra, soat san’atida quiet luxury g‘oyasini ifodalaydi. Bu yerda mexanika sifati, dizayn va detallar birinchi o‘ringa chiqadi, ularni yuqori soatsozlik san’ati bilan allaqachon tanish bo‘lgan kishi darhol ilg‘aydi.

“Girard-Perregaux — soatlar olamidagi quiet luxury. Bu jiddiy soat mazmuniga ega bo‘lgan, shu bilan birga vazmin bo‘lgan soatlardir. Biz namoyishkorlik haqida gapirmayapmiz. Bu brend o‘z oldida nima turganini tushunadigan, uning qiymatini biladigan va o‘z tanloviga ishonadigan odamlar uchun mo‘ljallangan”, — deb tushuntiradi Pruno.

Aynan shu farq ikki manufakturaga zamonaviy soat hashamati haqidagi turli tasavvurlarga murojaat qilish imkonini beradi. Ulysse Nardin texnologik jasorat va innovatsiyalarga, Girard-Perregaux esa mohir shinavandalar uchun nozik mexanizmlar va puxta o‘ylangan dizaynga e’tibor qaratadi.

Patrik Prunoning O‘zbekistonga ilk tashrifi brendlarning mahalliy bozor bilan muloqotining bir qismi bo‘ldi. Ularning keyingi rivojlanishi bu yerda savdo nuqtalari soniga emas, balki mavjudlik sifatiga, ishonchli hamkor tanlashga va auditoriyaning soat ortidagi tarix hamda mahoratga qiziqishiga bog‘liq.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.