4 soat uchun 5300 dollar gonorar: o‘zbekistonlik xalqaro modellar qancha pul ishlab topadi?

4 soatlik ish uchun 5300 dollar gonorar: o‘zbekistonlik xalqaro modellar qancha daromad topadi?
“Mening yurtim” telekanalidagi “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida xalqaro modellar Doniyor Ergashev va Dilnura Obidova mehmon bo‘lishdi. Suhbat chog‘ida ular modellik faoliyatida ilk bor olgan gonorarlari qancha bo‘lgani, jahon standartlariga ko‘ra model bo‘lish uchun bo‘y necha santimetr bo‘lishi kerakligi va sohaning boshqa jihatlari haqida so‘zlab berishdi.
Doniyor Ergashev: “10 yil avval modellik qilishni boshlaganman”
— Modellik sohasidagi faoliyatim 10 yil avval, ya’ni 2016-yildan boshlangan. Aslida model bo‘laman, degan maqsadim yo‘q edi. Faqat suratga chiroyli tushsam bo‘ldi, deb o‘ylaganman. Eski rasmlarimga qarasam, birida ko‘zim yumilib qolgan bo‘lardi, boshqalarida esa kulishim yoqmas edi. Modellik agentligiga borganda ularga: “Menga suratga to‘g‘ri tushishni o‘rgatinglar, podium menga emas. Chunki u bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi”, deganman.
Keyin ikki oy davomida suratga tushish kursida 12 ta qiz orasida yagona o‘g‘il bola bo‘lib o‘qiganman. O‘shanda qizlar kelib, “nima uchun bu yerga kelding?” derdi. Shundan keyin o‘zim ham o‘zimga shu savolni bera boshlaganman. Oxir-oqibat mana, o‘shandan beri shu sohada ishlab kelaman, hozir O‘zbekistonda endi taniqli bo‘lib boryapmiz.
Dilnura Obidova: “Olti yoshimdan modellikni boshlaganman”
— Modellikni olti yoshimdan boshlaganman. O‘shanda gazetadan kelishib, bolalar orasidan meni tanlab olishgan. Avvallari bannerlarda do‘ppichali qizchalar bo‘lardi, o‘shalardan biri men edim. Keyinchalik Turkiyaga keldim. U yerda bir muddat modellik bo‘yicha ishladim. Lekin u yerda ham bu kasb unchalik rivojlanmagani uchun Amerikaga ketishga qaror qildim.
Amerikaga kelganimdan keyin akademiyalarda o‘qidim. O‘qishni tugatganimdan so‘ng katta-katta agentliklar men bilan ishladi. O‘sha yerda O‘zbekistondagiga qaraganda top modellar qatoriga qo‘shildim. Bunga sabab — O‘zbekiston hamda MDH davlatlarida ko‘proq sun’iylik yoqadi. Amerika ayollariga qarasangiz, ularni ajin va sepkillari bilan suratga olishadi. Ular tabiiylikni qadrlashadi.
Bir safar esimda, meni Riannaning agenti oldiga olib borishdi. O‘shanda xuddi to‘yga ketayotganday yasanib olgan edim. U yerdagilarga yoqmadim. Keyin makiyajsiz suratlarimni ko‘rsatishdi. Shundan keyin ular yuzimni yuvib kelganimdan so‘ng men bilan ishlashlarini aytishdi, deydi u.
Xalqaro standartlar
Loyiha boshlovchisi modellar uchun xalqaro podiumlarda nimalar asosiy o‘rinda turishini so‘raganida, modellar quyidagicha javob berishdi:
— Erkaklarda ham, ayollarda ham birinchi o‘rinda bo‘y muhim. Ayollarning bo‘y parametri 1,78 metrdan 1,84 metrgacha belgilangan. Erkaklarda bu ko‘rsatkich 1,85 metrdan yuqori. Bu standartlardan past ham, baland ham olinmaydi, dedi ular.
Shundan so‘ng Dilnura Obidova ilk bor podiumga 35 santimetrlik poshnali oyoq kiyimda chiqqanini aytib berdi:
— Birinchi marta podiumga chiqqanimda, adashmasam, 35 santimetrlik poshnali oyoq kiyimda chiqqanman. Bir model qiz bunday baland poshnada chiqa olmasligini aytgach, undan ham balandroq oyoq kiyimlarini olib podiumga chiqib ketganman. O‘shanda podiumga chiqib maza qilganman. Podium xuddi men uchun yasalgandek, bu mening joyim, deganman, deydi u.
Doniyor Ergashev: “To‘rt soatga 5300 dollar gonorar olganman”
— Birinchi gonorarimni Hindistonda olganman. Besh ming uch yuz dollar edi. Fotosessiya boshqa shaharda bo‘lgani uchun u yerga borib-kelish masofasini hisobga olmaganda, to‘rt soatlik ishim uchun o‘shanda shuncha gonorar olganman.
Dilnura Obidova esa kuniga 250 dollardan bir yil uchun gonorar olganini aytadi:
— O‘zim yoqtirgan bir kompaniyaga brand face (brend yuzi) bo‘lgan edim. Ishga borsam-bormasam ham kuniga 250 dollardan to‘lab berishadi. Bir yilda bitta yoki ikkita fotosessiyasi bo‘ladimi, uning farqi yo‘q, men uchun har kuni 250 dollar miqdorida ish haqi yozilib boradi. Ammo buning ham bir jihati bor: shartnomani imzolaganingizdan keyin bir yil ichida xuddi shu yo‘nalishdagi boshqa kompaniya uchun ishlay olmaysiz. Yaxshi jihati — ishga sizni chaqirishmasa ham boshqa kompaniya bilan shartnoma qilmasligingiz uchun har kuni siz uchun barqaror summa yozilib boraveradi, deydi Dilnura Obidova.

