Parvozlar narxining oshishiga urush boshlagan «ahmoq rahbarlar» sababchi, deydi Virgin asoschisi Brenson
Yaqin Sharqdagi keskinlik neft qazib olish va tashishni boʻgʻib qoʻydi, bu esa avtomobil va aviatsiya yoqilgʻisi narxining keskin oshishiga olib keldi.

Parvozlar narxi urush boshlagan «ahmoq rahbarlar» tufayli oshmoqda, deydi Virgin asoschisi Brenson
Virgin Group asoschisi ser Richard Brenson parvozlar narxi oshishida urush boshlagan «ahmoq rahbarlar»ni aybladi, bu AQSh-Isroilning Eron bilan mojarosiga yaqqol ishora edi.
Yaqin Sharqdagi keskinlik millionlab barrel neft qazib olish va tashishni cheklab qoʻydi, bu esa neftdan olinadigan avtomobil va aviatsiya yoqilgʻisi narxini oshirib yubordi.
May oyida Virgin Atlantic bunga javoban chiptalar narxiga yoqilgʻi ustamasini qoʻshdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlik uchun bu mojaro zarurligini bir necha bor taʼkidlagan.
Biroq ser Richard urushga «hech qanday ehtiyoj» yoʻqligini aytdi.
«Eron mojarosi mutlaqo keraksiz edi. Eron va dunyoning qolgan qismi oʻrtasida Prezident Obama va koʻplab yevropaliklar tomonidan muzokaralar olib borilgan yadroviy kelishuv mavjud edi.
U ishlayotgan edi, shuning uchun uni yirtib tashlashga hech qanday ehtiyoj yoʻq edi... Va bu urush butun dunyo boʻylab neft narxining ancha oshishiga olib keldi. Inflyatsiya esa buning oqibatlaridan biri boʻldi».
Yevropada aviatsiya yoqilgʻisining etalon narxi bir tonna uchun taxminan 800 dollarni (590 funt sterling) tashkil etayotgan edi, biroq Eron urushi boshlanganidan keyin keskin koʻtarilib, aprel oyida 1800 dollardan oshdi. Keyinchalik u taxminan 1450 dollargacha tushdi.
Virgin Atlantic bosh ijrochi direktori Kornel Koster BBC’ga bergan intervyusida «yoqilgʻi narxining bunday darajasida» yoqilgʻi ustamalari «mutlaqo zarur» ekanligini aytdi va «hozirgi vaqtda Yaqin Sharqdagi vaziyatga nisbatan optimist boʻlish qiyin» ekanligini qoʻshimcha qildi.
Virgin ustamasi ekonom-klass chiptasiga 50 funt sterling, premium-klassga 180 funt sterling va biznes-klassga 360 funt sterling qoʻshdi.
Mojaro boshlanganidan keyin Virgin’ning bir nechta raqobatchilari tariflarni oshirish bilan birga parvozlarni ham qisqartirdi.
Aprel oyida Teneo konsalting firmasi tomonidan oʻtkazilgan tahlil Eron urushi aviachiptalar narxining 25 foizga oshishiga olib kelganini koʻrsatdi.
Shu hafta Ryanair yoqilgʻi narxi oshishi sababli qishki jadvalini qisqartirishini maʼlum qildi va agar aviatsiya yoqilgʻisi narxi kelgusi yozgacha koʻtarilishda davom etsa, Yevropa ichidagi qisqa masofali parvozlar tariflari «sezilarli darajada oshishi» haqida ogohlantirdi.
Shunga qaramay, Koster Virgin oʻzining qishki jadvaliga hech qanday jiddiy oʻzgartirishlar kiritish niyatida emasligini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, qishki quvvatlar bir necha oy oldin biroz qisqartirilgan edi va agar «qishning chillasida» maʼlum yoʻnalishlarda talab zaif boʻlsa, biroz qisqartirish yoki «quvvat intizomi» boʻladi, lekin «katta foizlarda» emas.
Aviakompaniya odatiy jadvalining 95 foizini bajarishni kutmoqda.
Ser Richard BBC bilan Virgin Atlantic kompaniyasi Buyuk Britaniya olimpiya va paralimpiya terma jamoalarini (Team GB va ParalympicsGB) 2028 yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari uchun Los-Anjelesga uchirish shartnomasini qoʻlga kiritganini eʼlon qilgan paytda gaplashdi.
Aviakompaniya ushbu shartnomani 2008 yilgi Pekin oʻyinlaridan beri unga egalik qilib kelayotgan raqibi British Airways’dan tortib oldi.

