Eronda benzin narxi keskin oshirilishi mumkin

Eron hukumati mamlakatda benzin narxini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu muhokamalar AQSHning yangi sanksiyalari oldidan iqtisodiy bosim kuchayib, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxlari keskin ko‘tarilgan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, amaldagi subsidiyalangan yonilg‘i narxlari davlat byudjetiga katta yuk bo‘lmoqda. Hozirda eronliklar kuniga taxminan 135 million litr yonilg‘i iste’mol qilmoqda, ishlab chiqarish esa 121 million litr atrofida.
Hukumat yonilg‘i narxini oshirishning bir nechta variantini ko‘rib chiqmoqda. Birinchi variantda narxlar o‘zgarishsiz qoldirilib, belgilangan limit tugagach, ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilishi mumkin. Ikkinchi variantda barcha fuqarolarga oyiga 30 litr yonilg‘ini eng past narxda berish taklif qilinmoqda. Uchinchi variant esa benzin narxlarini erkinlashtirishni nazarda tutadi.
Hukumat litriga 872 ming rial, ya’ni taxminan 44 sent narxni ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq bunday keskin oshirish transport va logistika xarajatlarining ko‘payishi orqali inflyatsiyani yanada kuchaytirishi mumkin.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon yakshanba kuni mamlakatda ko‘plab muammolar mavjudligini va hukumat aholini qiyinchiliklardan himoya qilish uchun harakat qilayotganini aytdi. Hukumat vakillari esa eng arzon tarifdagi 60 litr yonilg‘i kvotasi saqlanib qolishini, boshqa tarifdagi kvotalar esa bosqichma-bosqich qisqartirilishi mumkinligini bildirmoqda.
Statistika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida mamlakatda narxlar 2025-yilning shu oyiga nisbatan 88 foizga oshgan, oziq-ovqat inflyatsiyasi esa 128 foizdan yuqori bo‘lgan. Yonilg‘i narxining oshirilishi esa transport xarajatlari orqali boshqa tovar va xizmatlar narxiga ham bosim qilishi mumkin. Hukumat yakuniy qarorni yaqin haftalarda qabul qilishi kutilmoqda.
Eron riali ham AQSH yangi sanksiyalarni e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda rekord darajada qadrsizlandi. 24-avgust kuni norasmiy bozorda 1 dollar 2,02 million rialgacha ko‘tarildi. Markaziy bankning rasmiy kursi esa 1 dollar uchun qariyb 1,5 million rialni tashkil etmoqda. Mamlakat valyutasi inflyatsiya, iqtisodiy o‘sishning pasayishi va qariyb olti oydan beri davom etayotgan urush fonida bosim ostida qolmoqda.

