Bir dollar 2 mln riyol: Eron valyutasi rekord darajada qadrsizlandi

Bir dollar 2 million riyolga teng: Eron valyutasi misli ko‘rilmagan darajada qadrsizlandi.
AQSH yangi sanksiyalarni joriy etishga tayyorlanayotgan bir paytda, 24-avgust kuni Eron valyutasi riyol rekord darajada qadrsizlandi. Vashington bu choralarni "iqtisodiy halokat kuni" deb atadi. AP News xabariga ko‘ra, bu sanksiyalar avvalgi cheklovlar va Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llanilgan dengiz blokadasi tufayli allaqachon og‘ir ahvolda bo‘lgan Eron iqtisodiyotiga bosimni yanada oshiradi.
Norasmiy valyuta bozorlarida savdolar boshlanishi bilan 1 AQSH dollari kursi 2,02 million riyolga yetdi. Eron Markaziy bankining rasmiy kursi dollarga nisbatan taxminan 1,5 million riyolni tashkil etsa-da, eronliklarning aksariyati norasmiy kursdan foydalanadi.
Mamlakat valyutasi AQSH va Isroilning 28-fevraldagi hujumidan oldin ham inflyatsiya va salbiy iqtisodiy o‘sish tufayli bosim ostida edi. Qariyb olti oydan beri davom etayotgan urush esa vaziyatni yanada og‘irlashtirib, yangi antirekordlarga sabab bo‘lmoqda.
Shunga qaramay, Eron AQSH prezidenti Donald Trampga yon bermadi. Tehron Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qat’iy nazorat qilishda davom etmoqda. Urush boshlanishidan oldin dunyo bo‘yicha sotiladigan neftning beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tgan. Urush davomida Eronning hujumlari va tahdidlari bu harakatga jiddiy xalaqit berdi.
Eron va bo‘g‘ozning qarama-qarshi tomonida joylashgan Ummon suv yo‘lini birgalikda boshqarish rejasini kelishishning yakuniy bosqichida turibdi. Mintaqa rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu reja kemalarning Fors ko‘rfaziga Eron nazoratidagi marshrut orqali kirishi va Ummon nazoratidagi marshrut orqali chiqib ketishini nazarda tutadi. Tramp yaqindagina AQSH ittifoqchisi bo‘lgan Ummonni keskin tanqid qildi va agar mamlakat "yo‘lga g‘ov bo‘lsa", uni bombardimon qilish bilan tahdid qildi.
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Eronga nisbatan mavjudlaridan ham kuchliroq sanksiyalar e’lon qilinishini va’da qildi. Bu cheklovlar Eron bilan savdo qilishni davom ettirayotgan mamlakatlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni ham o‘z ichiga oladi.
"Tramp Eron iqtisodiyotini shunday darajada vayron qildiki, riyol hech qachon bunday kuchsiz bo‘lmagan, inflyatsiya esa kamdan-kam hollarda bu qadar yuqori bo‘lgan", dedi Bessent Financial Times nashriga.
O‘tgan haftada Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatgan edi. Bu haqda e’lon qilinishidan bir kun oldin Tramp BAA rahbari shayx Muhammad bin Zayd al-Nahayonga qo‘ng‘iroq qilgandi. BAA uzoq vaqtdan beri Eronning eng yirik savdo hamkorlaridan biri va importning asosiy manbayi bo‘lib kelgan.
Bessentning bayonotidan so‘ng, Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashining qat’iy qarashlarga ega rahbari Mohsen Rizoiy X sahifasida bayonot berdi. U har qanday mamlakatning AQSHning yangi iqtisodiy choralarini qo‘llab-quvvatlashini "urush harakati" deb baholanishini aytdi.

