Para Osiyo o‘yinlarining ilk kunida O‘zbekiston vakillari 23 ta medal qo‘lga kiritdi
19-oktabr kuni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida V Para Osiyo o‘yinlari start oldi. Musobaqaning dastlabki kunida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medalga sazovor bo‘ldi hamda yangi rekordlarni o‘rnatdi.

Para Osiyo o‘yinlarining dastlabki kunida O‘zbekiston vakillari 23 ta medalni qo‘lga kiritdi
Yaponiyada start olgan Aychi-Nagoya-2026 V Para Osiyo o‘yinlarining birinchi kunidayoq o‘zbekistonlik para sportchilar 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medal jamg‘ardi. Medallar soni bo‘yicha delegatsiya Xitoy va mezbon Yaponiyadan keyin 3-o‘rinda bormoqda.
Delegatsiya hisobidagi ilk oltin medalni para velotrekchi Bobur Toshtemirov keltirdi. U erkaklar o‘rtasida 3 km masofaga yakka ta’qib poygasi finalida 3:41.263 natija qayd etib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Bu O‘zbekiston tarixida para velosport bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilk oltin medal bo‘ldi.
Para yengil atletika musobaqalarida uch nafar o‘zbekistonlik eng yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Xusniddin Norbekov (F35 klassi) yadro uloqtirishda 16,04 metr natija bilan oltin medalni oldi. Shu yo‘nalishning F37 toifasida Qudratillo Ma’rufxo‘jayev 16,66 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘lib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida F32 klassida klab uloqtirish finalida Mahliyo Akramova 24,08 metr ko‘rsatkich bilan musobaqa rekordini o‘rnatib, chempion bo‘ldi.
Para suzishda S5 klassida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida Lolaxon Qodirova 37,88 soniya bilan Osiyo rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga erkin usulda suzishda Yegor Bolotov 52,90 soniya natija bilan terma jamoa hisobiga yana bir oltin medal qo‘shdi.
Musobaqaning ilk kunida o‘zbekistonlik 10 nafar sportchi kumush medal sohibiga aylandi. Para suzishda Mubinabonu Xalilova (S13 klassi, 100 m, erkin), Dmitriy Xorlin (S12, 100 m, erkin), Dias Mirmanov (SM9, 200 m, kompleks) va Azizbek Boynazarov (S8, 100 m, batterflyay) marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Para dzyudochilar Uljon Amriyeva (J1, -60 kg) va Kemran Nurillayev (J2, -70 kg) o‘z vazn toifalarida finalgacha yetib borib, kumush medalga ega bo‘ldi. Para taekvondochilar Fayozbek Валижонов (K44, -58 kg) va Umida Mamarajabova (-52 kg) ham finalda imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, para yengil atletikada erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrashda Omadbek Xasanov (T47) 6,99 metr natija bilan, yadro uloqtirishda esa To‘libboy Yo‘ldoshev (F37) 15,79 metr natija bilan delegatsiya hisobiga kumush medallarni qo‘shdi.
Musobaqada yetti nafar sportchimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi. Para dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida Bonu Babayeva (J1, -52 kg) indoneziyalik raqibasini, Fotima Toirova (J1, -60 kg) esa qozog‘istonlik sportchini mag‘lub etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasidagi bronza uchun kechgan o‘zbekcha derbida Ibrohimjon Akbarov (J1, -70 kg) yurtdoshi Qosim Safarqulovni yengib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Para taekvondochi Qizlarxon Isomiddinova (-47 kg) yaponiyalik raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Para suzishda esa Muslima Odilova (S13, 100 m, erkin) marraga uchinchi bo‘lib yetib kelib, musobaqa sovrindoriga aylandi.
Ayollar o‘rtasida F37/38 klassida disk uloqtirish finalida qatnashgan Zohira Qozoqova 27,84 metr natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shdi.
Para taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi K44 klassida -52 kg vazn toifasida bronza medali uchun kechgan bellashuvda O‘zbekiston vakilasi Karomatoy Rustamova indoneziyalik Ria Yuliantini 2:0 hisobida mag‘lub etib, delegatsiya hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shdi.

