Para Osiyo o‘yinlari: Raqib shikoyati sabab bekor qilingan oltin medal apellyatsiyadan so‘ng Faxriddin Hamroyevga qaytarildi
Yaponiyadagi Para Osiyo o‘yinlarida 1500 metrga yugurish bahslarida marraga birinchi bo‘lib kelgan o‘zbekistonlik sportchi Faxriddin Hamroyevning natijasi raqib shikoyati sabab bekor qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasining apellyatsiyasidan so‘ng sportchining diskvalifikatsiyasi olib tashlanib, oltin medal qaytarildi.

Para Osiyo o‘yinlari: Raqib shikoyati tufayli bekor qilingan oltin medal apellyatsiyadan keyin Faxriddin Hamroyevga qaytarildi
Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Para Osiyo o‘yinlarida 21-oktabr kuni o‘zbekistonlik sportchi Faxriddin Hamroyevning oltin medali avval bekor qilingan, keyin esa apellyatsiyadan so‘ng qayta berilgan. O‘zbekiston Paralimpiada qo‘mitasi Gazeta’ga bu holat qanday yuz berganini izohlab berdi.
Izohga ko‘ra, para yengil atletika bo‘yicha T13 toifasida 1500 metrga yugurish bahsida O‘zbekiston vakili Faxriddin Hamroyev barcha raqiblarini ortda qoldirib, marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan va oltin medalni qo‘lga kiritgan edi (Hamroyev chiqishi videosi).
Ammo poyga tugagach, iordaniyalik sportchi hakamlar hay’atiga shikoyat bilan murojaat qilgan. U Hamroyev o‘zini turtib yuborgani va yugurishiga to‘sqinlik qilganini bildirgan. Shu shikoyat qanoatlantirilib, o‘zbekistonlik sportchining natijasi bekor qilingan va u musobaqadan diskvalifikatsiya qilingan.
“Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi mas’ullari tomonidan tezkorlik bilan apellyatsiya kiritildi. Xalqaro para yengil atletika nazorat komissiyasi poyganing videoyozuvlarini qayta ko‘rib chiqdi. Tahlillar natijasida Hamroyev tomonidan raqibga nisbatan hech qanday noo‘rin harakat sodir etilmagani va qoida buzilmagani aniqlandi”, — deyiladi tushuntirishda.
Komissiya ishchi guruhining xolis xulosasiga ko‘ra, Faxriddin Hamroyevning diskvalifikatsiyasi bekor qilindi. Uning natijasi haqqoniy deb topilib, sportchiga tegishli bo‘lgan Para Osiyo o‘yinlarining oltin medali rasman qaytarildi.
Faxriddin Hamroyevning oltin medali musobaqaning rasmiy sayti va qo‘mita ma’lumotlarida hali aks etmagani sababli umumiy ro‘yxatga kiritilmagan edi.

