Mahalliy

Panjara ortidagi pushaymonlik (video)

Hibsxonadagi muhitni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu yerdagi har bir yuzda aytilmagan hikoya, har bir

**Panjara ortidagi pushaymonlik (video)**

Temir eshikning og‘ir yopilgan ovozi odamning yuragini beixtiyor siqib qo‘yadi. Uning ortida qolgan sukunat esa bundan ham og‘irroq. Bu yerda har bir daqiqa cho‘zilgandek, har bir kun sog‘inch va iztirob ichida o‘tadi.

Bundan ikki yilcha avval Buxoro shahridagi hibsxonalardan birida mahkumlar bilan uchrashgan edik. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti oltinchi mintaqaviy hudud 4-son tergov hibsxonasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda ham xuddi shunday tuyg‘uni his qildik.

Uchrashuv Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda mas’ullar yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ta’kidlab, har bir imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishga chaqirdi.

Bugun yoshlar uchun ochilayotgan eshiklardan foydalanmay, bir lahzalik xatoning ortidan umrining eng qimmatli yillarini panjara ortida o‘tkazish — qaytarib bo‘lmas yo‘qotishdir.

Hibsxonadagi muhitni so‘z bilan tasvirlash qiyin. Bu yerdagi har bir yuzda aytilmagan hikoya, har bir nigohda pushaymonlik bor. Kechagina ota-onasining erkatoyi, kimningdir orzusi, sevgilisi, kimningdir farzandi bo‘lgan yigitlar bugun temir panjaralar ortida. Ularning ayrimlari hali hayotning, hatto o‘spirinlik yillarini ham yashab ulgurmagan. Afsuski, birgina noto‘g‘ri qaror, oqibatsiz do‘stlar, birgina ehtiyotsiz qadam ularning taqdirini o‘zgartirib yuborgan.

Suhbat davomida mahkumlarning ko‘zlarida pushaymonlik faryod qilardi. Afsuski, ularning mung va achchiq yoshga to‘la ko‘zlarini ko‘rsata olmaymiz. Yuraklarni sel qilib yuboradigan bu ko‘zyoshlar birining boshini egdi, birini so‘zsiz qoldirdi. Biri ota-onasini tilga olganda, ovozi titradi. Yana kimdir farzandlarini sog‘inganini yashira olmadi. Eng og‘riqlisi, ularning ko‘pchiligi ozodlikning oddiy narsa emasligini anglab yetgan.

Tashqarida biz oddiy deb qabul qiladigan narsalar bor: ertalab ko‘zni ochib, ona ovozini eshitish, ko‘chaga bemalol chiqish, do‘stlar bilan uchrashish, farzandlaringni bag‘ringga bosish, istagan joyingga borish... Bu yerda esa ana shu oddiy hayotning o‘zi katta orzuga aylangan.

“Agar vaqtni ortga qaytarishning iloji bo‘lganda edi...”

— degan mazmundagi gaplar suhbatlar orasida qayta-qayta takrorlandi.

Ammo vaqt ortga qaytmaydi. Mahkumlar qilgan ishining jazosini o‘tashi mumkin. Lekin yo‘qotilgan yillarni, ota-onaning qarishini, farzandining ulg‘ayib qolganini ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Panjara ortidagi muhit kishini o‘yga toldiradi. Bu yerda jazo faqat temir eshiklar va cheklangan harakat emasligini anglaysiz. Eng og‘ir jazo — yaqinlardan uzoqlik, o‘z qilmishingiz bilan yolg‘iz qolish, xatongizni anglashdir.

Takror aytamizki, mahkumlar orasida yoshlarning borligi yana-da og‘ir taassurot qoldiradi. Chunki yoshlik adashish uchun emas, orzu qilish, maqsadlar sari intilish, kasb egallash, ilm o‘rganish, hayot qurish uchun berilgan davr. Biroq noto‘g‘ri tanlangan muhit, nazoratsiz qolgan istak, yomon do‘st yoki bir lahzalik nafs gohida insonni yillar davomida pushaymon bo‘lib yashashga majbur qiladi.

Keling, yaxshisi, ularning so‘zlari — pushaymonliklarini o‘zlari bilan kechgan suhbatdan eshitaylik.

«Hayotimda men boshqa do‘st ko‘rmadim.

Men mahkum Davronbek Orifjonov, Farg‘ona viloyatidanman, vaqtinchalik jazo muddatimni shu yerda o‘tab kelyapman. Menga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-moddasi, 5-qismi bilan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Jarayon shunday davom etadi. 16 oy o‘tdi, 4 oydan keyin koloniyaga yo‘l.

– Bu yerda o‘tkazgan vaqtingizda siz o‘zingizda nimalarni o‘zgartirdingiz?

Nimalarni o‘zgartirdim, nimalarni tushunib yetdim?

– o‘ychan so‘zladi suhbatdosh,

– birinchi o‘rinda, odam «tashqari»da qadriga yetmagan narsalarni qadriga yetishni o‘rganar ekan bu yerda. Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan, deb bejizga aytishmagan ekan. Ozodlikni qadriga yetmagan ekanmiz. Sharoitni yomon, demayman. Ammo baribir, ozodlik bo‘lmagach, hech narsa tatimaydi.

– Sizningcha, jinoyatga yetaklovchi omil nima? Atrofmi, noto‘g‘ri tanlangan do‘stlarmi yoxud pul yetishmovchiligimi? Nima?

Yon-atrof... noto‘g‘ri do‘stlar... Sizni shu yergacha olib kelar ekan.

Qo‘limda dastagul,

Qizil, oq, pushti.

Ifori taralib,

Olardi hushni.

Quvonsin, sevinsin,

Onamning ko‘ngli.

Bu kunlar onamga qimmatga tushdi.

Ey-y, oson bo‘lmadi,

Balandu pasti...

Bu kunlar onamga qimmatga tushdi...»

«Bunday joylarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman»

Temir panjaralar ortidagi keyingi suhbatdoshning nigohida hali 24 yoshga ham yetmagan umrning og‘irligi bor. U bu yerga bir yil avval kelgan ekan. O‘sha bir yil ichida ozodlikning qadrini, ota-onaning mehrini va birgina noto‘g‘ri qadam inson hayotini qay darajada o‘zgartirib yuborishini anglab yetgan.

– Men Farhod Kamoliddinov, Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug‘ilib o‘sganman. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan besh yilu olti oyga ozodlikdan mahrum etilganman.

Farhodning gaplarida o‘zini oqlashga urinish yo‘q. Aksincha, har bir so‘zida qilgan ishi uchun pushaymonlik seziladi.

Bir yil davomida o‘zimga ko‘p xulosalar chiqardim. Endi bunday jinoyatlarga yaqinlashmaslikka, to‘g‘ri yo‘ldan yurishga harakat qilaman. Inson ozodlikda yurganda, ko‘p narsaning qadriga yetmas ekan. Ko‘chaga bemalol chiqish, yaqinlaring bilan birga bo‘lish, hohlagan joyingga borish — bularning bari ne’mat ekan.

Farhodning aytishicha, uni jinoyatga olib borgan sabablardan biri oiladagi yetishmovchilik bo‘lgan. U do‘kondan telefon o‘g‘irlagan. Bu uning hayotidagi birinchi jinoyat edi. Ammo o‘sha bir xato uni besh yildan ortiq vaqtga ozodlikdan mahrum qildi.

Oilaviy sharoit, yetishmovchilik ta’sir qildimi, yo‘ldan adashdim. Bilib-bilmay... pushaymonligimni qanday tushuntirishni ham bilmayman. Haddan ziyod vijdon azobidaman.

U uch nafar farzandning kenjasi. Ikki opasi va o‘zi. Tashqarida esa uni yaqinlari, jigarlari kutayapti.

Jazo muddatim tugaganda, tengdoshlarimning ko‘pchiligi hayotda o‘z o‘rnini topgan bo‘ladi. Kimdir kasb egallaydi, kimdir oila quradi. Yana kimdir katta maqsadlar sari qadam tashlaydi. Men esa o‘sha paytda hayotimning yo‘qotilgan yillarini to‘ldirishga urinaman...

Bu gapdan keyin bir zum sukut cho‘kdi. 24 yosh — oldinda hali qancha yo‘l, qancha imkoniyat bor. Ammo bu imkoniyatga yetib borish uchun avval panjara ortidagi yillarni yengib o‘tish kerak.

Hayot davom etadi. Chiqqanimdan keyin o‘z kareramni qurishga, yaxshi hayot kechirishga harakat qilaman. Vatanimizga manfaat keltiradigan inson bo‘lishni xohlayman.

Farhod tengdoshlariga murojaat qilganda, ovozi yanada jiddiylashdi.

Ularga aytadigan gapim shu: bunday ishlarga «tushib» qolmanglar, bunday joylarga kelmanglar. Men bu yerga kelganimdan keyin o‘zimga katta xulosa chiqardim. Bunday joylarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Balki tashqarida yurgan odam uchun ozodlik oddiy tushunchadir. Ammo temir eshiklar ortida qolgan odam uchun bu — eng katta orzu!

Mahkumlar bilan uchrashuvdan qaytar ekanmiz, ortimizga qaraymiz: og‘ir temir eshiklar yopildi. Ammo uning ovozi uzoq vaqt xayoldan ketmadi. Balki bu uchrashuvning eng katta sabog‘i ham shudir: har birimiz o‘z erkinligimizning qadrini uni yo‘qotmasdan oldin anglashimiz kerak. Chunki ba’zan bir lahzalik xato uchun yillar to‘lanadi. Va eng ayanchlisi, o‘sha yillar orasida insonning umri panjara ortida qolib ketadi.

Bu uchrashuv shunchaki uchrashuv bo‘lmadi: suhbatlar, mulohazalar, hayotiy misollar va ogohlantirishlar mahkum yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytish, o‘z xatolaridan xulosa chiqarish va kelajakka umid bilan qarashga undadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.