Mahalliy

Buxoroda talaba qizga «ishqnoma» yozgan tyutor qamaldi va ishdan bo‘shatildi

O‘qituvchisi tomonidan kelayotgan sms va ovozli xabarlardan qo‘rqib ketgan talaba qiz uning harakatlaridan norozi bo‘lib,

Buxoroda talaba qizga «ishqnoma» yozgan tyutor qamaldi va ishdan bo‘shatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda talaba qizga shilqimlik qilgan tyutor qamaldi» sarlavhasi bilan tarqalgan xabar azaldan ilmu ma’rifat maskani bo‘lib kelgan sharif shahar uchun yoqimsiz holatga aylandi. Shu bois zudlik bilan Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov bilan bog‘landik.

Bizga taqdim etilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi qarori bilan tanishar ekanmiz, mazkur hujjatda salohiyatli ilm qo‘rg‘onida o‘qituvchining o‘z lavozimi, mavqei va unga bildirilgan ishonch qadrini yo‘qotganini ko‘ramiz.

Aytish joizki, hech qanday lavozim, tanish-bilish yoki mavqe insonga boshqa bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish huquqini bermaydi. Ayniqsa, ta’lim sohasida ishlaydigan har bir xodimning mas’uliyati juda katta. Talaba o‘qituvchidan faqat fan bo‘yicha bilim olmaydi, balki uning muomalasi, madaniyati, odobi va atrofdagilarga munosabatidan ham o‘rnak oladi. Vaholanki, o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi ishonch juda nozik tushuncha bo‘lib, u buzilsa, tiklash oson emas.

Sudya Farrux Qahhorov raisligida Buxoro shahar sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish ham bunga yaqqol misol bo‘ldi.

Sud qarorida ma’lum bo‘lishicha, asli Jondor tumanidan bo‘lgan, Osiyo Xalqaro universitetida tyutor vazifasida ishlab kelayotgan A.A. kechki payt universitet talabasi G.Sh.ga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida unga ishqiy munosabat va jinsiy yaqinlikni taklif etgan.

Shuningdek, u o‘z talabasiga nomaqbul bo‘lgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan so‘zlarni ham aytgan. Eng og‘riqli jihati shundaki, bu oddiy ikki inson o‘rtasidagi suhbat emas, ular orasida o‘qituvchi va talaba munosabati mavjud bo‘lgan.

O‘qituvchisidan kelayotgan sms va ovozli xabarlardan qo‘rqib ketgan talaba qiz uning harakatlaridan norozi bo‘lib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini qayta-qayta bildirgan. Shunga qaramasdan, A.A. talaba qizga «ishqnoma»lar yozib, uzluksiz qo‘ng‘iroqlar qilishni to‘xtatmagan.

A.A. sudda o‘z qilmishini tan olgan. U o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgani sababli mast holatda bo‘lganini, aytgan gaplaridan pushaymonligini, jabrlanuvchilardan kechirim so‘raganini va bundan buyon bunday holat takrorlanmasligini bildirgan. Sud hujjatlarida keltirilgan «shunchaki qo‘ng‘iroq qildim», «shunchaki gaplashdim», «mast edim» degan bahonalar esa o‘z talabasi qalbiga yetkazilgan noqulaylikni bekor qila olmaydi.

— Mast holat aybdorni o‘z harakatlari uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi, aksincha, sud mazkur holatni huquqbuzarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholaydi, — deydi sudya.

Sudya Farrux Qahhorov qaror qabul qilishda faqat huquqbuzarlik sodir etilganini emas, balki uning oldini olish zaruratini ham inobatga olgan. A.A.ning aybiga iqrorligini yengillashtiruvchi holat, mast holda huquqbuzarlik sodir etganini esa og‘irlashtiruvchi holat, deb baholagan.

Natijada aybdor O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 411-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan va unga nisbatan uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bu voqea yana bir haqiqatni eslatadi: insonning obro‘si yillar davomida shakllanadi, uni yo‘qotish uchun esa birgina noto‘g‘ri qaror kifoya. Shu sababli har qanday lavozim egasi, ayniqsa, yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassis o‘z harakatlariga ikki karra mas’uliyat bilan yondashishi kerak.

Osiyo Xalqaro universiteti rektorining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘z xatti-harakatini boshqara olmagan A.A. zudlik bilan ishdan bo‘shatilgan. «Hech qachon bunday shaxslar ishda qololmaydi», — dedi rektor.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.