Mahalliy

Buxoroda noqonuniy baliq ovi sudgacha yetib bordi

Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, aybdorlar qonunni buzib, tabiat boyliklariga

Buxoroda noqonuniy baliq ovi bilan bog‘liq ish sudga oshirildi.

Voqea Peshku tumanidagi «Jongeldi» MFY hududida joylashgan «Qoraqir-1» konturidagi tabiiy suv havzasida o‘tkazilgan ekologik nazorat reydi chog‘ida aniqlangan. Reyd davomida S.S. va A.J. ismli ikki fuqaro suv havzasi qirg‘og‘ida leskali to‘rlarga ilingan baliqlarni terayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ularning yonidan baliq ovlashda ishlatiladigan to‘rlar va rezina qayiq topilgan. Tekshiruvlar natijasida ular tomonidan 650 dona orol chavoq balig‘i noqonuniy ravishda ovlangani ma’lum bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudi sudyasi Farrux Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, ekologik organlarning hisob-kitobiga ko‘ra, aybdorlarning tabiatga yetkazgan zarari 267 million 800 ming so‘mni tashkil etadi. Dastlabki tergovda sudlanuvchilarning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 4-qismi bilan juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik sifatida baholangan. Sud ishga doir materiallarni chuqur tahlil qilib, «Peshku balig‘i» MChJ «Qoraqir» suv havzasining 1961 gektar suv maydonini ijaraga olganini aniqlagan. Biroq, mazkur jamiyat sanoat usulida baliq ovlashga tegishli kvotaga ega bo‘lmagani ham ma’lum bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga asosan, tabiiy suv havzalarida yashovchi baliqlar davlat mulki hisoblanadi.

Sud ishi davomida yana bir holat yuzaga chiqqan. Hodisa joyidan 1 dona rezina qayiq va 35 dona leskali to‘rdan tashqari, jami 1077 dona, jumladan, 983 dona orol chavoq balig‘i va 94 dona orol moy balig‘i topilgan. Biroq, sudda 3 ta qopdagi 333 dona orol chavoq va 94 dona orol moy balig‘i hamda 25 dona to‘r aynan S.S. va A.J. tomonidan ovlangani ishonchli dalillar bilan isbotlanmagan. Sababi, reyd vaqtida voqea joyidan motorli qayiqda ketib qolgan fuqaroning shaxsi aniqlanmagan va aybdorlar ham ularni tanimasligini, hatto e’tibor qaratishmaganini bildirganlar. Shunga ko‘ra, sud Konstitutsiya va Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan «bartaraf etib bo‘lmaydigan shubhalar sudlanuvchi foydasiga hal qilinadi» degan huquqiy prinsipni qo‘llagan. Shu sababli, mazkur qism sudlanuvchilarning ayblovidan chiqarilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, S.S. hamda A.J.ning har biriga 4 yil ozodlikdan cheklash va 2 yil ov qilish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan. Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan 276 million 800 ming so‘m zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.