Oʻzbekistonda biznesga ijtimoiy soliq imtiyozlari berishni to‘xtatish taklif qilindi

Oʻzbekistonda biznes uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni berishni to‘xtatish taklifi ilgari surildi
O‘zbekistonda korxonalar uchun yangi ijtimoiy soliq imtiyozlarini to‘xtatish, mavjud imtiyozlarni esa 2030-yildan boshlab to‘liq bekor qilish taklif qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.
Tahlilga ko‘ra, imtiyozlarni bekor qilish biznesda tenglik va raqobat muhitini shakllantirish uchun muhim hisoblanadi. Biroq minglab korxonalarda aslida 12 foiz bo‘lgan ijtimoiy soliq stavkasi 1 yoki 0 foizgacha tushirilgan. Bu esa pensiya sug‘urtasini moliyalashtirishda tenglik va maqsadlilik masalasini yuzaga chiqarmoqda. Shu sababli ijtimoiy soliqni barcha uchun bir xil stavkada to‘lash majburiy bo‘lishi taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, 2025-yilda 65 mingta korxona qariyb 3,2 trln so‘mlik ijtimoiy soliq imtiyozidan foydalangan.
“Bunda korxona xarajati kamaygan bo‘lsa-da, uning xodimi bo‘yicha kelgusidagi pensiya majburiyati saqlanib qoladi. Shu sababli yangi ijtimoiy soliq imtiyozlarini berishni to‘xtatish, mavjud imtiyozlarni esa 2030-yildan to‘liq bekor qilish taklif etilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Endilikda biznesni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy soliqdan ozod qilish orqali emas, balki davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
“Natijada bir xil, masalan, 6 million so‘m ish haqi oluvchi xodimlar qaysi korxonada ishlashidan qatʼi nazar, ijtimoiy soliq to‘lash va pensiya huquqini moliyalashtirishda teng sharoitga ega bo‘ladi”, deya maʼlum qildi vazirlik.
Umuman olganda, ijtimoiy soliqlar Pensiya jamg‘armasiga tushadi. Hozirda jamg‘arma daromadlari pensiya to‘lash xarajatlarini qoplashga yetmayotgani sababli davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda. Ijtimoiy soliq imtiyozlari bekor qilinsa, jamg‘armaga tushumlar oshib, byudjetga tushadigan yuk kamayishi kutilmoqda.

