«Oʻzbekinvest» Monte-Karloda oʻtkazilgan Jahon sugʻurtachilar kongressida Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarni taqdim etdi
Monte-Karloda oʻtkazilayotgan xalqaro kongress doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi sugʻurta kompaniyalarining qariyb 4 000 nafar rahbar va vakillarini birlashtirgan tadbirda Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, mamlakatning moliya va sugʻurta bozorlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

«Oʻzbekinvest» Monte-Karloda boʻlib oʻtgan Jahon sugʻurtachilar kongressida Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarni namoyish etdi
Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan Yangi Oʻzbekistonni isloh qilish strategiyasi hamda soʻnggi oʻn yil davomida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning aniq natijalari haqida maʼlumot berildi.
Tadbir qatnashchilari Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori oʻsish surʼatlari, xorijiy investitsiyalar oqimining rekord darajada ekani, asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning barqarorlashgani, shuningdek, sanoat va xizmatlar sohalarining jadal rivojlanishi hamda kichik va oʻrta biznes ulushining ortishi hisobiga mamlakatning izchil taraqqiyotini yuqori baholadilar.
Shuningdek, Oʻzbekistonda zamonaviy moliyaviy xizmatlar sektori, xususan, ilgʻor axborot texnologiyalari va sunʼiy intellektni joriy etish orqali rivojlanayotgan sugʻurta sohasini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro uchrashuv davomida «Oʻzbekinvest» kompaniyasi rahbariyati Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharqning yetakchi sugʻurta kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator muzokaralar olib bordi. Ularning yakuniga koʻra, Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri va portfel investitsiyalarini sugʻurtalash, tashqi savdo operatsiyalarini ragʻbatlantirish hamda mamlakat eksport salohiyatini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuvlarga erishildi va tegishli hujjatlar imzolandi.
Forum doirasida «Oʻzbekinvest» kompaniyasi Bosh direktori R. Azimovning «Sugʻurtada sunʼiy intellekt» nomli monografiyasi taqdimoti ham oʻtkazildi. Mazkur asar 2026-yil avgust oyida Parij shahridagi yetakchi fransuz nashriyoti L’Harmattan tomonidan nashr etilgan.

