O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘onaga yaxshilandi

O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 80 pog‘ona yuqoriladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijalariga to‘xtalib o‘tdi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, O‘zbekiston katta siyosiy iroda bilan dunyoga keng ochildi, chegara muammolari hal etilib, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Natijada O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘onaga yaxshilanib, mamlakat iqtisodiyoti mo‘tadil erkin davlatlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Ilgari O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga 2–3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 40–50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, investitsiyalar bilan birga mamlakatga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.
Davlat rahbari uch yil avval O‘zbekistonning 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilganini eslatdi. Global logistika tizimidagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramay, ushbu marraga 2026-yilning o‘zida ortig‘i bilan erishilgani ta’kidlandi. Natijada O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishi qayd etildi.
“Bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mamlakatdagi ijtimoiy o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratdi. Yangi davrda 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgani, minglab mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib borayotgani ta’kidlandi.
Kambag‘allik masalasi ochiq tan olinib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilgani qayd etildi. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Izchil sa’y-harakatlar natijasida kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirilgani aytildi. Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkichlar ortida turmush sharoiti va daromadi yaxshilangan 10 million insonning hayoti mujassam.
Davlat rahbari O‘zbekistonning davlat mustaqilligi 1991-yilda xalqning xohish-irodasi va qat’iyati bilan qo‘lga kiritilganini qayd etgandi. Mamlakat mustaqilligining ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiya tarixiga borib taqalishini ta’kidlangan.

