Mahalliy

O‘zbekistonda vokzal va aeroportlarni soliqlardan, yangi avtobuslarni utilizatsiya yig‘imidan ozod etish reja qilinmoqda

O‘zbekistonda avtobus va elektrobuslar utilizatsiya yig‘imidan, vokzal hamda aeroportlar esa soliqlardan ozod etilishi mumkin. Prezident qarori loyihasida, shuningdek, jamoat transporti uchun gaz to‘ldirishda 'yashil yo‘lak' ajratish va avtostansiyalarda tijorat obyektlari qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda vokzal va aeroportlarni soliqlardan, yangi avtobuslarni esa utilizatsiya yig‘imidan ozod etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etish maqsadida tadbirkorlar va tashuvchilar uchun bir qator soliq, bojxona va kredit imtiyozlari berilishi kutilmoqda. Bu holat e’lon qilingan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjat loyihasiga muvofiq, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga javob beradigan yangi avtobus hamda elektrobuslarga 2027-yil 31-dekabrgacha utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport infratuzilmasi obyektlari — avtovokzallar, avtostansiyalar, temir yo‘l vokzallari hamda mahalliy aeroportlar yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

Kuz-qish mavsumida jamoat transporti harakat tarkiblarini gaz yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida ular uchun alohida navbat — “yashil yo‘lak” asosida ustuvor xizmat ko‘rsatish tartibi belgilanadi.

Avtostansiyalar hududining 20 foizigacha bo‘lgan qismida quvvatlantirish stansiyalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxonalar, texnik servis punktlari, avtomobillarni yuvish shoxobchalari hamda do‘konlarni o‘z ichiga oluvchi komplekslar qurishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklari orqali tadbirkorlarga avtovokzal va avtostansiyalarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda yangi mikroavtobuslar xarid qilish uchun imtiyozli shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish mexanizmi joriy etiladi.

Avvalroq hujjat bilan shahar atrofi qatnovlari uchun elektron chipta olganlarga 20 foizlik chegirma va bepul yurish imtiyozi berilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Shuningdek, hujjatda Yangi Toshkent aeroportini Shimoliy vokzal bilan temir yo‘l orqali bog‘lash belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.