Mahalliy

O‘zbekistonda temiryo‘llarni modernizatsiya qilishga 200 mln dollar yo‘naltirilishi mumkin

O‘zbekistonda temiryo‘llarni modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar ajratilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning amalga oshirilish jarayoni bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb etish va xizmatlar eksportini 5,7 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun olib borilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari hamda hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 mlrd dollar bo‘lgan yangi aeroport majmualarini qurish ishlari davom etmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan, hududni qurilishga tayyorlash hamda muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari bajarilmoqda.

Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Urganch va Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini esa xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi. Natijada aeroportlarning o‘tkazuvchanligi oshib, yo‘lovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.

Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan oyda qiymati 2,2 mlrd dollar bo‘lgan Toshkent—Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start berildi. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi ilk pulli yo‘l ishga tushirildi.

Taqdimotda Toshkent—Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent—Andijon va Toshkent—Bo‘stonliq pulli yo‘llari bo‘yicha investorlarni aniqlash hamda amaliy ishlarni boshlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar ham taqdim etildi.

Hozirda asosiy tranzit yo‘nalishlardagi bir qator temiryo‘l uchastkalari yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Sanoat yuklari hajmining ortishi va yangi yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi mavjud infratuzilmaga bo‘lgan talabni yanada kuchaytiradi.

Shu sababli, Maktaaral—Sirdaryo, Angren—Pop, Toshg‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on, Toshkent—Samarqand va To‘qimachi—Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlarga 200 mln dollar yo‘naltirish hisobiga uchastkalarning o‘tkazuvchanligini 25-30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi, Toshkent—Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l barpo etish, hududlardagi temiryo‘l tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari yuzasidan ham axborot berildi. Yuk vagonlari parkini yangilash, bu jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish takliflari ham muhokama qilindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.