O‘zbekistonda tashqi reklamani joylashtirish tartibi soddalashtirildi
Endi tadbirkorlar o‘zlari foydalanayotgan bino yoki inshootning kirish qismiga firma nomi, tovar belgisi va faoliyat

O‘zbekistonda tashqi reklamani joylashtirish tartibi yengillashtirildi. Endilikda tadbirkorlar o‘zlari foydalanayotgan bino yoki inshoot kirish qismiga firma nomi, tovar belgisi va faoliyat turi ko‘rsatilgan peshlavhani reklama pasportisiz o‘rnatishi mumkin.
Bu holat Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-oktyabrdagi 563-sonli qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, tadbirkor egallab turgan binoning tashqi qismiga joylashtirilgan nomi, faoliyat turi va tovar belgisi haqidagi axborot tashqi reklama hisoblanmaydi. Shu sababli bunday peshlavhalar uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Shuningdek, yuridik shaxslar o‘z avtotransport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi hamda mahsulotlari yoki xizmatlari haqidagi reklamani soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin. Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron xabarnoma yuborish yetarli. Reklama joyi pasporti avtomatik shakllantiriladi va buning uchun yig‘im olinmaydi.
Tashqi reklama obyektlarini majburiy demontaj qilish tartibi ham yangilandi. Endilikda demontaj sanasi va vaqti kamida ikki kun oldin e’lon qilinishi, tadbirkorga esa yozma xabar berilishi shart. Demontaj faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, shaharlarning tashqi reklamaga oid «dizayn-kod» talablari jamoatchilik muhokamasidan so‘nggina qabul qilinadi va e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Qisqa muddatli reklamalar uchun ham aniq cheklovlar belgilandi. Qurilish obyektlaridagi reklama qurilish yakunlanguniga qadar, bayram va tadbirlarga oid reklama esa 30 kungacha joylashtirilishi mumkin.
Tashqi reklamalarning joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» elektron portali orqali amalga oshiriladi.

