Yashirin reklama joylashtirgan 20 dan ortiq bloger va tarmoq faollariga chora ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi yil boshidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda reklamani “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratmagan 20 dan ortiq guruh va kanal ma’murlari, bloger, vayner va boshqa tarmoq faollariga ta’sir choralari qo‘llanganini ma’lum qildi.

Yashirin reklama joylashtirgan 20 dan ortiq bloger va tarmoq faollariga nisbatan chora ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi yil boshidan beri ijtimoiy tarmoqlarda reklamani boshqa axborotlardan ajratmagan, “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” degan belgi qo‘ymagan 20 dan ortiq guruh va kanal ma’murlari, bloger, vayner hamda boshqa tarmoq faollariga ta’sir choralari qo‘llanganini bildirdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda reklama beruvchilar ommabop kanal va platformalarda reklama joylashtirishga tobora ko‘proq intilmoqda. Bunday holatda reklama axborotini oddiy materiallardan ajratish va uning reklama ekanini aniq ko‘rsatish talab etiladi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunga binoan, reklama “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan boshqa axborotdan ajratilgan holda joylashtirilishi kerak. Agar tahliliy maqola, sharh, fikr yoki mulohazada tijorat maqsadi bo‘lsa, u ham reklama sifatida aniq belgilanishi lozim.
Shunga qaramay, qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda ushbu talablarga rioya etilmayotgan holatlar ko‘p uchrayotganini qayd etdi. Xususan, reklama ekanini bildiruvchi tegishli belgi qo‘yilmasligi va reklama identifikatsiyasi talablariga amal qilinmasligi aniqlangan.
Ana shunday qonunbuzilishlar bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 20 dan ortiq guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner hamda boshqa tarmoq faollariga tegishli ta’sir choralari qo‘llangan.
Raqobat qo‘mitasi OAV vakillari, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanal ma’murlari, blogerlar, vaynerlar hamda boshqa tarmoq faollarini axborot tayyorlash va tarqatishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Qonunbuzilish holatlari aniqlansa, belgilangan tartibda chora ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi blogerlar daromadlarini hisobga olish uchun onlayn-reklamani markirovka qilish tizimini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Qo‘mitaga ko‘ra, bunday markirovka blogerlar qancha reklama joylashtirishi va ularning daromadi qancha ekanini aniqlash imkonini beradi.
2026-yil fevralida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati amaliyotini o‘rganish maqsadida Rossiya Federal soliq xizmatiga tashrif buyurgandi.
O‘zbekistonda 2025-yilda blogerlarning reklama faoliyati mamlakat YAIM tarkibida rasman hisobga olindi.
Bozor hajmi 62 mln dollarga baholangan.
Shuningdek, O‘zbekistonda obunachilari soni 3 milliondan ortiq bo‘lgan blogerlar 2025-yil davomida 2,7 mlrd so‘m daromad topib, budjetga 110,4 mln so‘m soliq to‘lagan.

