O‘zbekistonda qimor targ‘ib qilingan 50 dan ortiq sayt bloklandi

O‘zbekistonda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi 50 dan ortiq veb-sayt bloklandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, bu 2026-yilning birinchi yarmida bloklangan saytlar soni bo‘lib, shu davr mobaynida 76 ta veb-saytga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha vakolatli organlarga so‘rovlar yuborilgan.
Qo‘mita o‘tgan davrda reklamalar bo‘yicha jami 13,5 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazgan, ularning qariyb 6 mingtasida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Xususan, 545 ta dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar reklamasining 51 tasi qonun talablariga javob bermasligi aniqlangan. Shuningdek, 250 ga yaqin holatdan 54 tasida tamaki, alkogol, elektron sigaret, pivo kabi taqiqlangan mahsulotlar reklamasi joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan. O‘tkazilgan 165 ta monitoring natijasida 82 ta holatda totalizator va bukmekerlik reklamasi qayd etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘rganishlarda katta auditoriyaga ega bo‘lgan 3 nafar bloger (vayner) o‘z sahifalarida qimor va bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishdagi video-roliklarini joylashtirgani aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagi huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilib, 83 ta subyektga nisbatan belgilangan ta’sir choralari qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ayrim dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi hamda realizatsiya qiluvchi kompaniyalar tomonidan dori vositalari reklamasida milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanilgan holatlar ham aniqlangan.
Bu holat qo‘mita tomonidan o‘rganilib, reklama roligi yuzasidan vakolatli davlat organidan tegishli xulosa olingan. Taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, reklama roligining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekani qayd etilgan.
Qo‘mita tomonidan reklamaning ekspertiza va tahlillari o‘tkazilganda jami 18 mingdan ortiq reklamaning 25 foiziga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga nomuvofiqligi haqida xulosalar berilgan.
2026-yil davomida qo‘mitaning OAV, Telegram guruhlari va kanallari, “.uz” domenida ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar adminlari hamda reklama agentliklariga, shuningdek, reklama beruvchi, tayyorlovchi, tarqatuvchi va buyurtmachilarni qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash va qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida turli soha va yo‘nalishlarda 10 mingga yaqin ogohlantirish va so‘rovlari yuborilgan.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. 2025-yilda O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgan 70 ga yaqin sayt bloklangandi.

