O‘zbekistonda suyultirilgan gaz yetkazib berish xususiy sektorga o‘tkaziladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi investorlar bilan muloqotda ma’lum qildi

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz yetkazib berish xususiy sektorga o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasini butun respublika bo‘ylab xususiy sektorga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi investorlar bilan bo‘lgan muloqotda ma’lum qildi.
Ayni paytda mamlakatda 3 mln 800 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan ushbu ta’minot tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy etilmoqda.
Xususan, tadbirkorlar ishtirokidagi dastlabki tajriba loyihasi Andijon viloyatida yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusi yilda bu amaliyotni butun respublika bo‘ylab kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Prezident mazkur jarayonda gaz ta’minotining uzluksizligi, xavfsizlik hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati eng muhim mezon bo‘lishini ta’kidladi.

