Mahalliy

Prezident suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirishni topshirdi

Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish,

Prezident suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirishni buyurdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini uglevodorod resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatda sanoat quvvatlarining kengayishi va aholi ehtiyojlarining ortishi tabiiy gaz va neft mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni zarur resurslar bilan barqaror ta’minlash, mavsumiy ehtiyojlarni oldindan hisobga olish va narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyatga ega.

Taqdimotda neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish holati ko‘rib chiqildi. Tarmoqlar va hududlar ehtiyojini aniq hisob-kitob qilish, ichki talabni ustuvor ta’minlash va yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tabiiy gaz qazib chiqarish sur’atlarini barqaror saqlash, mavjud konlar imkoniyatidan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish, elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan bir maromda ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. Resurslarni asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish topshirildi.

Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari ta’minotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.