O‘zbekistonda qizlar tezroq ish topadi, yigitlarda esa maosh ko‘proq — tahlil

O‘zbekistonda qizlar ish topishda tezroq, yigitlarda esa maosh yuqoriroq — tahlil
Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) doirasida yoshlarning mehnat bozoridagi natijalari jinslar bo‘yicha tahlil qilindi. Tadqiqot qizlarning bandlik darajasi va ishga joylashish tezligi bo‘yicha ustunligini ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘rtacha oylik maoshda yigitlar oldinda ekanini aniqladi.
Bitiruvchilar sifati indeksi natijalariga ko‘ra, qizlar orasida bandlik darajasi 85,1 foizni, yigitlarda esa 80,4 foizni tashkil etgan. Shuningdek, qizlar o‘rtacha 2 oyda, yigitlar esa 3 oyda ishga joylashgan.
Biroq o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichida vaziyat boshqacha: yigitlarda bu ko‘rsatkich 6 mln so‘mni, qizlarda esa 3,9 mln so‘mni tashkil qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, mehnat bozorida eng yuqori natija qayd etilgan top 5 soha quyidagicha:
Qizlar uchun yetakchi sohalar:
transport xizmatlari;
matematika va statistika;
ta’lim;
biznes va boshqaruv;
gumanitar fanlar.
Yigitlar uchun yetakchi sohalar:
biznes va boshqaruv;
sog‘liqni saqlash;
san’at;
matematika va statistika;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari.
Respublika bo‘yicha bitiruvchilarning o‘rtacha oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, 6,6 mln so‘mga teng bo‘lgan. Viloyatlar orasida yuqori natijalar Navoiy viloyatida 5,0 mln so‘m va Toshkent viloyatida 5,0 mln so‘m miqdorida shakllangan.
Bitiruvchilar respublika bo‘yicha o‘rtacha 2 oy 27 kunda ishga joylashgan bo‘lsa-da, so‘nggi olti oy davomida barqaror band bo‘lganlar ulushi 42,9 foizni tashkil etgan.

