O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etmoqda — yangi indeks natijalari
O‘zbekistonda salkam 250 ming bitiruvchi faoliyatini qamrab olgan 'Bitiruvchilar sifati indeksi' natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, bitiruvchilarning o‘rtacha rasmiy oylik maoshi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan, ish topish uchun esa o‘rtacha 3 oydan ko‘proq vaqt ketgan. Batafsil.

O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etmoqda — yangi indeks natijalari
O‘zbekistonda 2025-yil iyulidan 2026-yil iyuni oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan tadqiqotlarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘m bo‘ldi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Yo‘ldoshevning aytishicha, agentlik 2024/2025 o‘quv yilida 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalarini tahlil qilgan. Bunda ularning ishga qancha muddatda joylashgani, bandligining barqarorligi, rasmiy daromadi va bandlik shakli o‘rganilgan.
Agentlik direktorining so‘zlariga ko‘ra, mazkur indeks prezidentning 2026-yil 10-apreldagi farmoniga asosan joriy etilgan. Uning asosiy vazifasi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini bitiruvchilarning real natijalari orqali baholashdan iborat.
“Bitiruvchilar sifati indeksi — 10 dan ortiq davlat platformasini bir joyga jamlab, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalarini baholash platformasidir”, — deydi u.
Tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning ishga joylashishi uchun o‘rtacha 3 oyu 5 kun vaqt sarflangan.
OTMning mulkchilik shakliga qarab bu ko‘rsatkich turlicha: nodavlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtacha 2 oy 10 kunda, davlat OTM bitiruvchilari 2 oy 29 kunda, xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari esa 3 oy 20 kunda ishga joylashgan.
“Biroq diplom olganidan keyin ish topishning o‘zi bitiruvchining mehnat bozorida muvaffaqiyat qozonganini anglatmaydi. Shu sababli indeksda bandlikning barqarorligi ham alohida baholangan”, — deydi Yo‘ldoshev.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi olti oy davomida barqaror ishlagan bitiruvchilar ulushi respublika bo‘yicha 42,9 foizni tashkil etgan. Xorijiy universitetlar filiallarida bu ko‘rsatkich 49,8 foiz, nodavlat OTMlarda 46,7 foiz, davlat OTMlarda esa 42,1 foiz bo‘lgan.
Tahlil qilingan bitiruvchilarning o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan. Hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 6,6 mln so‘m.
Viloyatlar kesimida Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘rtacha rasmiy daromad 5 mln so‘mdan qayd etilgan.
Ayrim OTMlarda esa bu ko‘rsatkich respublika o‘rtachasidan ancha yuqori. Masalan, amaliy fanlar toifasida Toshkentdagi Inha universiteti bitiruvchilari o‘rtacha 12,6 mln so‘m daromad olgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bu ko‘rsatkich 9,4 mln so‘m, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 8,1 mln so‘mni tashkil qilgan.
Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda Toshkent xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchilari o‘rtacha 12,5 mln so‘m daromad bilan birinchi o‘rinda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bu ko‘rsatkich 10,6 mln so‘m, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 10,3 mln so‘m bo‘lgan.
Baxtiyor Yo‘ldoshevning aytishicha, bu yerda gap rasmiy qayd etilgan daromadlar haqida bormoqda.
Bunda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi o‘rtacha ish haqi bilan solishtiriladi. Shu orqali hududlar o‘rtasidagi ish haqi tafovuti ham inobatga olinadi.
Oliy ta’lim muassasalarini adolatli taqqoslash uchun ular kadrlar tayyorlash xususiyatidan kelib chiqib, to‘rtta toifaga ajratilgan: amaliy, tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar va ijod (sport).
2024/2025 o‘quv yili natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan 20 ta OTM rag‘batlantirish uchun ajratilgan. Ularning 11 tasi ijtimoiy-gumanitar, 5 tasi amaliy, 2 tasi tibbiyot, 2 tasi ijod va sport toifasiga kirgan.
Indeksda eng yuqori natijani O‘zbekiston davlat konservatoriyasi — 81,5 ball bilan qayd etgan. Ikkinchi o‘rinda konservatoriyaning Nukus filiali — 79,6 ball, uchinchi o‘rinda Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi — 76,3 ball bilan joylashgan.
Shuningdek, Inha universiteti 74,2, Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali 74, Osiyo xalqaro universiteti 73,4, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti 72,4 hamda Toshkent xalqaro Nordik universiteti 72,1 ball olgan.
Baxtiyor Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, konservatoriya bilan yuridik universitetni bir xil mezonlar asosida baholash to‘g‘ri emas. Shu sababli OTMlar tayyorlaydigan kadrlar tarkibiga qarab toifalarga ajratilgan.
“Hech qachon ijod, deylik, konservatoriya Toshkent davlat yuridik universiteti bilan birga bitta mezonlar bilan raqobat qila olmaydi”, — deydi agentlik rahbari.
Unga ko‘ra, bitiruvchilari 200 nafardan kam bo‘lgan OTMlar asosiy reytingdan chiqarilib, ularning indeksi alohida yuritiladi. Bu talab ijodiy yo‘nalishdagi OTMlarga tatbiq etilmaydi, chunki bu sohada talabalar bilan individual ishlash xususiyati mavjud.
Yo‘ldoshev agentlik ma’lumotlarni “solishtirish va natijani qayta olish mumkinligi” tamoyillari asosida shakllantirganini aytdi.
Qayd etilishicha, indeks inson omilisiz 10 ta davlat axborot tizimi bilan integratsiya qilingan holda avtomatik shakllantirilgan. Ular orasida mehnat, soliq, ijtimoiy himoya va boshqa davlat tizimlari bor.
Yo‘ldoshevning aytishicha, bitiruvchining rasman ishlayotgani mehnat va soliq tizimlari ma’lumotlari orqali tekshiriladi.
“Biri aldasa, ikkinchisi baribir ochib qo‘yadi. Chunki 10 tadan ortiq platforma mavjud”, — deydi u.
Uning qayd etishicha, 249 mingdan ortiq bitiruvchi bo‘yicha 14 milliondan ziyod ma’lumot yozuvi tahlil qilingan.
Shu sababli ma’lumotlarni oddiy elektron jadvallarda emas, maxsus analitik platformalarda qayta ishlashga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, agentlik bitiruvchilarning o‘zini o‘zi band qilgani bo‘yicha ehtiyotkor yondashuvni tanlagan. Bunday bitiruvchilar indeksda qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi koeffitsiyent olmaydi.
Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu universitetlarni bitiruvchilarni faqat o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali statistik ko‘rsatkichni sun’iy ravishda oshirishdan saqlash uchun qilingan.
Matbuot anjumanida universitetlarning bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga majbur qilinishi masalasi ham ko‘tarildi.
Yo‘ldoshevning qayd etishicha, universitet rahbari bitiruvchini shaxsan ishga joylashtirishga majbur bo‘lmasligi kerak. Biroq bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijasi OTM faoliyati samaradorligini baholaydigan ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishi lozim.
Uning fikricha, bu rektorlarni ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, ish beruvchilar bilan ko‘proq hamkorlik qilish va bitiruvchilar bilan ishlashga undaydi.
Shu nuqtai nazardan u diplom berishdan oldin talabadan ish joyi yoki o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risida ma’lumot talab qilish amaliyotini ham tanqid qildi.
“Diplom berish uchun ishga joylashgan-joylashmaganini so‘rash noto‘g‘ri. Lekin diplom berish uchun imtihondan o‘tkazish to‘g‘ri”, — dedi u.
Baxtiyor Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, universitet bitiruvchining kompetensiyani egallagan-egallamaganini haqqoniy imtihon orqali tekshirishi kerak. Ishga joylashish esa diplom olishning sharti bo‘lmasligi lozim.
Sardor Rahimboyevning ma’lum qilishicha, indeksda bitiruvchilarning migratsiyasi ham hisobga olingan. Ichki ishlar vazirligining chegaradan chiqish va kirish ma’lumotlari universitetlar bazasi bilan taqqoslangan.
Uning aytishicha, 12 oy davomida xorijda uch oydan ortiq qolib, qaytib kelmagan 2542 nafar bitiruvchi aniqlangan.
Bu 249 mingga yaqin bitiruvchining taxminan 1 foiziga teng.
Ularning aniq qanchasi o‘qish, qanchasi ishlash uchun ketgani alohida ko‘rsatkich sifatida hozircha platformada chiqarilmagan. Biroq ular “yuqori koeffitsiyentli” bandlik toifasiga kiritilgan.
Rahimboyevning qayd etishicha, bitiruvchining xorijga o‘qish yoki ishlash uchun ketishi ham mehnat bozorida mustaqil faoliyat yurita olish ko‘nikmasi sifatida baholanadi.
Tadbirda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining sifati masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Agentlik rahbariyatining ta’kidlashicha, davlat, nodavlat yoki xorijiy OTMlarni umumiy tarzda “yaxshi” yoki “yomon” deb baholash to‘g‘ri emas. Har bir toifada yuqori va past natija ko‘rsatgan universitetlar bor.
“2024/2025 o‘quv yilida tahlil qilingan bitiruvchilarning 211 587 nafari, ya’ni qariyb 85 foizi davlat OTMlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 12,7 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlari, 6100 nafari esa xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari bo‘lgan”, — deydi Sardor Rahimboyev.
Unga ko‘ra, mulkchilik shakli bo‘yicha indeksning o‘rtacha ko‘rsatkichi xorijiy OTMlarda 58,7, nodavlat OTMlarda 55,1, davlat OTMlarda 53 ballni tashkil etgan.
Biroq, Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, bu raqamlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri “davlat yoki nodavlat yaxshiroq” degan xulosaga aylantirish mumkin emas. Sababi shuki, davlat oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilar soni ancha ko‘p. Shu bilan birga, nodavlat OTMlarda ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolar borligi ham inkor etilmadi.
Baxtiyor Yo‘ldoshevning aytishicha, 64 ta OTM institutsional akkreditatsiyaga jalb qilingan bo‘lib, ularning 9 tasida ta’lim sifati bilan bog‘liq kritik xavflar aniqlangan va muddatidan oldin akkreditatsiya jarayoniga jalb etilgan.
Uning ta’kidlashicha, bu jarayondan maqsad universitetlarni faqat jazolash emas, balki ulardagi muammolarni aniqlab, ta’lim sifatini yaxshilashdan iborat.
Agentlik rahbarining qayd etishicha, indeks faqat top 20 universitetni aniqlash bilan cheklanmaydi. Agentlik ma’lumotlarni yashil, sariq va qizil toifalarga ajratib, barcha OTMlar bo‘yicha natijalarni ochiqlashtirishni rejalashtirgan.
“Bu universitetlar uchun signal vazifasini bajaradi: yaxshi natijaga ega OTMlar o‘z ko‘rsatkichini saqlash va yaxshilashga, past natijadagilar esa muammolarini bartaraf etishga intiladi. Har doim qizil, sariq, yashil bo‘ladi. Bu sog‘lom raqobat bo‘lishi uchun”, — deydi Yo‘ldoshev.
Uning fikricha, asosiy maqsad universitetlarni reytingda yuqori o‘rin olish uchun raqam quvishga emas, bitiruvchi bilan manzilli ishlashga undashdir.
Baxtiyor Yo‘ldoshev indeksni ochiqlashtirish orqali to‘rtta asosiy maqsad ko‘zlanayotganini bildirdi.
“Bunday tizim OTMlar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi, ularni talabalar bilan manzilli ishlashga undaydi va natijada mehnat bozoriga tayyorroq kadrlar chiqishiga xizmat qiladi”, — deydi agentlik rahbari.
Taqdimotda respublika bo‘yicha “Bitiruvchilar sifati indeksi”ning o‘rtacha ko‘rsatkichi 53,4 ball ekani ham ma’lum qilindi.
Hududlar kesimida eng yuqori natijalar Surxondaryo — 62,1 ball va Toshkent shahri — 60 ballda qayd etilgan. Buxoro — 59,1, Qashqadaryo — 58,6, Namangan — 58,4 ball olgan. Eng past o‘rtacha indeks Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 49,5 ball.
Biroq agentlik uchun bu raqamlarning o‘zi yakuniy maqsad emas. Yo‘ldoshevning aytishicha, indeks har yili yangilanadi va asosiy savol keyingi yilda ko‘rsatkichlar qanday o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
“Keyingi yil xuddi shu paytda nechta universitet yuqoriladi, nechtasi pastladi, umumiy 53,4 indeks necha bo‘ldi — 60 bo‘ldimi, 50 bo‘ldimi, shuni muhokama qilamiz”, — dedi u.
Yo‘ldoshevga ko‘ra, “Bitiruvchilar sifati indeksi” universitetlarni bir marta reytingga qo‘yishdan ko‘ra, ular bitiruvchilarining mehnat bozorida qanday natija ko‘rsatayotganini yilma-yil kuzatib borish tizimi sifatida taqdim etilmoqda.
Avvalroq oliy ta’lim vaziri Kongratbay Sharipov 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilarining 70 foizi ish bilan ta’minlangani, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish maqsad qilinganini aytgandi. Buning uchun Bandlik vazirligi, banklar va hokimliklar ishtirokida bitiruvchilarni ishga joylashtirish, qayta tayyorlash va o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

