O‘zbekistonda noyabr oyi davomida ob-havo qanday bo‘lishi ma’lum qilindi
6–8-noyabr kunlari havo harorati 27 darajagacha ko‘tarilishi, 10-noyabrda esa 8–10 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Shu kuni ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi, 11–13-noyabr kunlari esa kechasi harorat nol darajagacha tushishi prognoz qilingan.

O‘zbekistonda noyabr oyi davomida ob-havo qanday kechishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 10-noyabr kuni ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi va havo harorati sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 5-noyabr kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysida, kechqurun esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi 7–12, kunduzi 18–23 daraja iliq bo‘ladi.
6-noyabr kuni ham aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kechasi va ertalab Qoraqalpog‘istonning ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi 10–15, kunduzi 22–27 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
7–8-noyabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi 12–17, kunduzi 22–27 daraja iliq bo‘ladi.
9-noyabr kuni respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysida esa yog‘ingarchilik prognoz qilinmagan. Harorat kechasi 12–17, kunduzi 15–20 daraja iliq bo‘ladi.
10-noyabr kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi 5–10, kunduzi 8–10 daraja iliqqacha pasayadi.
11–18-noyabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 11-noyabr hamda 16–17-noyabr kunlari ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
11–13-noyabr kunlari havo harorati kechasi 0–5, kunduzi 8–13 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 14–18-noyabr kunlari esa kechalari 2–7, kunduzi 10–15 daraja iliq bo‘ladi.
Oyning qolgan qismida, 18–30-noyabr kunlari ayrim kunlarda, asosan, yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda. Ushbu davrda havo harorati kechasi 2–7 daraja iliqdan 2 daraja sovuq va 3 daraja iliqqacha, kunduzi esa 10–15 darajadan 15–20 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
“O‘zgidromet”ning qayd etishicha, hozirgi vaqtda kelgusi oylar uchun ob-havoni yuqori aniqlikda prognoz qilishning yetarlicha ishonchli usullari mavjud emas. Shu sababli o‘tish mavsumlarida o‘rtacha havo harorati bo‘yicha prognozlarning aniqligi 70–75 foizni, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa 55–60 foizni tashkil etadi.

