O‘zbekistonda ishlamaydigan oila a’zosi uchun har oy ijtimoiy soliq to‘lab, ish staji to‘plash mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda rasmiy daromadga ega fuqarolar ishlamaydigan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq to‘lab, unga ish staji hisoblatishi mumkin bo‘ladi. Fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlaganlarga soliq to‘laganda bir yillik staj avtomatik hisoblanadi. Pensionerlarga Face ID orqali bank kartasi ochiladi.

O‘zbekistonda ishlamaydigan oila a’zosi uchun har oy ijtimoiy soliq to‘lab, ish staji to‘plash imkoniyati yaratiladi.
28-sentabr kuni “Davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolari ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oy ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida, ya’ni hozirda 163 200 so‘m ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.
2026-yil 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlagan shaxslarga ijtimoiy soliq to‘langanda bir yillik ish staji avtomatik tarzda hisoblanadi. Bunda fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
2027-yil 1-yanvardan I va II guruh nogironlik pensiyalarini qayta hisoblashda III guruh nogironlik pensiyasini olgan davrda ishlangan ish staji va ish haqi inobatga olinishi tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-fevraldan Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda Pensiya jamg‘armasiga imtiyozli pensiyalarni to‘lash xarajatlarining o‘rnini qoplovchi mablag‘larni har oyda o‘tkazish imkonini beruvchi tizim ishga tushiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yil 1-noyabrga qadar ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish staji davrlari haqidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantirish va yuritish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish natijalari haqidagi ma’lumotlar ham ushbu tizimda yuritiladi.
“O‘zarxiv” agentligi 2027-yil 1-aprelga qadar tugatilgan korxona va tashkilotlarning arxiv idoralariga topshirilmagan buxgalteriya va boshqa hujjatlarini istisno tariqasida bepul qabul qiladi. Jumladan, ish haqi kitoblari, ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqlar qabul qilinadi.
Markaziy bank 2026-yil 1-noyabrdan pensionerlarga bank kartasini ochish bilan bog‘liq xizmatlarni biometrik identifikatsiya — Face ID orqali amalga oshirish tartibini joriy etadi.
2027-yil 1-apreldan esa pensiya va boshqa to‘lovlar uchun mablag‘larni tijorat banklarining yagona hisobvaraqlariga moliyalashtirish hamda ularni pensionerlarning bank kartalari yoki tijorat banklarining mobil ilovalarida ochilgan pensiya elektron hamyonlariga yuklash tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, 2027-yildan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham murojaatsiz tayinlanadi. 2027-yildan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan qog‘oz hujjatlarni qabul qilmaydi.

