Mahalliy

O‘zbekistonda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan yangi pensionerlar ulushi 61 foizga yetdi

O‘zbekistonda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan yangi pensionerlar soni sezilarli darajada oshdi. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar ulushi 6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, to‘liq pensiya olish uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil ish staji talab qilinadi. Belgilangan minimal stajga ega bo‘lmagan fuqarolarga esa mavjud ish stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan ish staji bilan pensiya tayinlanadi.

Hozirgi kunda har uch nafar yangi pensionerning ikki nafari to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda. Umumiy pensionerlar tarkibida ham bunday fuqarolar ulushi 2010-yildagi 3 foizdan 2025-yilda 39 foizga ko‘tarilgan.

Pensiya jamg‘armasi bu holatning asosiy sabablari sifatida norasmiy mehnat faoliyati, ish haqini "konvert"da olish, ijtimoiy soliq to‘lamaslik, mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning arxivga topshirilmasligi hamda ayrim davrlarda fuqarolarning rasmiy ish bilan qamrab olinmaganini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, pensionerlarning 47 foizi 820 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha miqdorda pensiya olmoqda. Pensiya miqdori rasmiy ish staji, ish haqi va to‘langan ijtimoiy soliq miqdoriga bog‘liq.

Oliy Majlis Senatining 7-avgust kungi yalpi majlisida "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’qullangan edi. Ushbu qonun bilan I yoki II guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga nogironlik pensiyasini proaktiv, ya’ni fuqaroning alohida murojaatisiz tayinlash tartibi joriy etilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.