O‘zbekistonda ikkilamchi bozordan mashina xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘zbekistonda ikkilamchi bozordan avtomobil olayotganda nimalarga ahamiyat berish kerak?
“Urilmagan, bo‘yalmagan, bitta odam mingan” — O‘zbekiston avtomobil bozorida eng ko‘p ishlatiladigan, biroq ko‘pincha haqiqatga mos kelmaydigan iboralardan biri. Minilgan mashina xarid qilish har doim ma’lum darajada xavf bilan bog‘liq. Tashqi tomondan chiroyli ko‘ringan avtomobil ortida garov, o‘zgartirilgan VIN-raqam, to‘lanmagan jarimalar yoki boshqa muammolar yashiringan bo‘lishi mumkin.
Firibgarlarga pul berib qo‘ymaslik va oxir-oqibat ham pulsiz, ham mashinasiz qolib ketmaslik uchun avtomobilni xariddan oldin qanday tekshirishni bilish muhim.
Avvalo nimaga e’tibor qaratish kerak?
Kapotni ochishdan oldin avtomobilni dastlabki vizual ko‘rikdan o‘tkazish lozim. Eng birinchi navbatda mashinaning VIN-kodini tekshirish kerak. Aynan shu bosqichning o‘zidayoq shubhali variantlarning qariyb yarmi aniqlanadi. VIN-kodni old oynaning pastki qismidan, eshik ustunidan, amortizator tayanchidan va, albatta, texnik pasportdan solishtirish kerak. Barcha harf va raqamlar har bir belgigacha to‘liq mos kelishi shart. Hatto bitta belgi ham mos kelmasa, bunday avtomobildan voz kechgan ma’qul.
Sergeli avtomobil bozorida avtomobil oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi Marat Abdullayevning tavsiyasiga ko‘ra, minilgan avtomobil xaridida mashinaning kuzovi va kraskasiga alohida e’tibor berish kerak.
Avtomobil YTHga uchraganini qanday bilish mumkin?
Avtoekspert Anatoliy Rusevning fikricha, avariyaga uchragan avtomobilni to‘rtta asosiy belgi orqali aniqlash mumkin.
Kuzovning kuch tushadigan qismlaridagi izlar. Lonjeronlar, kuzov ustunlari, zaxira g‘ildirak joyi va bagaj qismida bukilishlar, qo‘lbola choklar, payvand izlari yoki zavodnikiga o‘xshamaydigan germetik bo‘lsa, bu avtomobil ilgari kuchli zarba olgan bo‘lishi mumkinligini bildiradi.
Ranglarning farqlanishi va notekis tirqishlar. Turli yorug‘likda kuzov bo‘yoqlarining rangi bir-biridan farq qilishi, kuzov detallari orasidagi nosimmetrik va notekis tirqishlar sifatsiz ta’mir alomatlari bo‘lishi mumkin.
Burab ochilgan mahkamlash qismlari. Kapot, qanot va eshiklarni ushlab turuvchi boltlarning qirralari shikastlangan yoki bo‘yoqlari ko‘chgan bo‘lsa, bu detallar tekislash yoki butunlay almashtirish uchun yechilganidan darak berishi mumkin.
Ishga tushgan xavfsizlik tizimi izlari. Xavfsizlik yostiqchalari yo‘qligini rul va paneldagi qopqoqlarning rangi yoki teksturasi boshqacha ekanidan bilish mumkin. Xavfsizlik kamarlariga ham e’tibor berish kerak: ular o‘z joyiga qaytmasa yoki ishlab chiqarilgan sana ko‘rsatilgan yorliqlari kesib tashlangan bo‘lsa, bu ham xavfsizlik tizimi bilan bog‘liq muammo bo‘lganidan darak berishi mumkin.
Avtomobil ilgari taksi bo‘lganini qanday aniqlash mumkin?
Buni aniqlashga yordam beradigan bir nechta belgilar bor:
Kuzovni tekshirish. Eshiklar yoki kapotda stikerlardan qolgan izlar, mayda tirnalishlar yoki bo‘yoq rangining boshqa qismlardan farq qilishi avtomobil ilgari taksi yoki karshering kompaniyasining brend yozuvlari bilan qoplangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Salonni ko‘zdan kechirish. Bunday avtomobillarda odatda orqa o‘rindiqlar, o‘ng orqa eshik va uning tutqichi boshqa qismlarga qaraganda ko‘proq eskirgan bo‘ladi. Sababi, aynan shu joylardan yo‘lovchilar eng ko‘p foydalanadi.
VIN-kodni yana bir bor tekshirish. VIN-kod orqali avtomobil ilgari taksi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini aniqlash mumkin.
Pullarni qanday himoya qilish kerak?
Notarius Jo‘rabek Maxsudovning so‘zlariga ko‘ra, avtotransport vositasining oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishda Adliya vazirligi tomonidan tashkil qilingan bazadan foydalaniladi. Unda mashina avtosalondan xarid qilingani yoki ikkilamchi bozordan olingani haqidagi ma’lumotlar chiqadi.
Maxsudovning aytishicha, faoliyati davomida eng ko‘p uchraydigan firibgarlik holatlari ishonchnoma bilan avtomobil sotish bilan bog‘liq:
“Tomonlar boshqarish-haydash huquqi bilan ishonchnoma olishadi. Bu ishonchnomani egasi borib bekor qiladi-da, mashinani boshqaga sotib yuboradi. Bundan tashqari, notariusga kirganda ‘hisob-kitoblaringiz to‘liq bo‘ldimi?’, deymiz. ‘Ha, bo‘ldi’ deyishganidan keyin oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi. Lekin ayrim holatlarda sotuvchilar ‘notariusda hisob-kitob bo‘ldi deyavering’, keyin beraman pulni deydi. Oldi-sotdi shartnoma rasmiylashtirilgach, pulini bermaydi”.

