O‘zbekistonda davlat xaridlarida bozor va boshlang‘ich narxni aniqlash tartibi belgilandi

O‘zbekistonda davlat xaridlarida bozor va boshlang‘ich narxni aniqlash tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor hamda boshlang‘ich narxini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida xarid predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxini qanday aniqlashini belgilab beradi. Hujjat 2028-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Unga muvofiq, davlat buyurtmachisi davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishi, jumladan, tovar, ish yoki xizmatni xarid qilishdan olinadigan naf, ularning sifati va qiymati o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta’minlashi lozim.
Shuningdek, davlat xaridining maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tovar, ish yoki xizmatning xususiyatlari, xaridni o‘tkazish xarajatlari hamda tovar, ish yoki xizmat qiymatining asoslanganligi ham inobatga olinishi talab etiladi.
Har bir davlat xaridini amalga oshirishda xarid predmetining o‘rtacha bozor narxini o‘rganish majburiy bo‘ladi.
Xarid qilish tartib-taomillarini boshlashdan oldin davlat buyurtmachisi narxlar moduli orqali o‘rtacha bozor narxini shakllantirishda so‘nggi 90 kundagi bozor narxlari haqidagi ma’lumotlardan foydalanadi.
Xarid predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxi bo‘yicha elektron ma’lumotnoma namunaviy shaklda rasmiylashtiriladi.
Unda xarid predmeti, o‘rganilgan manbalar, jumladan, tovar, ish yoki xizmatlar haqidagi ma‘lumotlar hamda o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxni aniqlash bo‘yicha hisob-kitoblar aks ettiriladi.

