Bojxonada ayrim talablar bekor qilinadi, eksport bilan bog‘liq yig‘imlar 30 foizga kamayadi
O‘zbekistonda 1-sentabrdan import va eksportda ayrim oldindan to‘lov talablari, bir qator mahsulotlar uchun bojxonada ruxsatnoma va guvohnoma taqdim etish majburiyati bekor qilindi. Eksportdagi ayrim bojxona to‘lovlari esa 30 foizga kamaytiriladi.

Bojxonada ayrim talablar bekor qilinadi, eksport bilan bog‘liq yig‘imlar 30 foizga kamayadi
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun bojxona jarayonlarida qulayliklarni oshirish va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish maqsadida yangi tartiblar joriy etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
* Tashqi savdo shartnomasi tuzmasdan, invoys asosida import qilishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazishga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi.
* Shartnomasiz, invoys asosida eksport qilishda tushumning 50 foizini oldindan ta’minlash talabi ham bekor qilinadi.
* Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki akkreditiv, bank kafolati yoxud sug‘urta polisi kabi kafolatlangan to‘lov shakllarini taqdim etish talabi ham olib tashlanadi.
* Oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun namuna yetarli bo‘lmagan hollarda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi. Buning uchun vakolatli organ mahsulot miqdori sinov o‘tkazish uchun yetarli emasligi haqida xat taqdim etadi.
* Biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirishda ruxsatnoma, dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etish talabi bekor qilinadi. Bunda tegishli ruxsatnoma va guvohnomalarning mavjudligi majburiy muvofiqlikni baholash hamda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish jarayonida nazorat qilinadi.
2026-yil 1-oktabrdan:
* Soliq organlarida xavf darajasi past bo‘lgan va QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga import qilinadigan tovarlar uchun to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
* Eksportda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027-yil 1-yanvardan:
* Xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati ularni erkin muomalaga chiqarganidan keyin nazorat qilinadi.
* Bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Shuningdek, bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
* Bojxona qiymatini nazorat qilishda rasmiy diler va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yil 1-iyundan:
* Jismoniy shaxslar notijorat maqsadlarda olib kiradigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
* Bojxona nazoratida tovarning kelib chiqish sertifikati bilan taqdim etilgan hujjatlar o‘rtasida tovar xususiyatiga ta’sir qilmaydigan kichik tafovutlar aniqlansa, bu sertifikatni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
2028-yil 1-yanvargacha:
* Tadbirkorlarga bojxona organlari ko‘rsatadigan barcha xizmatlar va to‘lovlarni bir joydan amalga oshirish imkonini beruvchi mobil ilova joriy etiladi.
Qo‘shimcha o‘zgarishlar:
* Eksportda ekologik sertifikat eksportchining ixtiyoriy murojaatiga ko‘ra rasmiylashtiriladi.
* Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarini qaytarish bo‘yicha arizani topshirish, ko‘rib chiqish va javob yuborish jarayonlari markazlashgan holda elektron shaklga o‘tkaziladi.
* Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta rasmiylashtirish orqali bir qator jarayonlar soddalashtiriladi.
* Reeksportda qonunchilik talablari bajarilib, tovarlar bo‘yicha chegara bojxona postidagi nazorat yakunlangan bo‘lsa, avval to‘langan bojxona boji va soliqlar qaytariladi.
* Tovar bojxona to‘lovlari to‘lanishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga qabul qilinganidan keyin bir yil ichida tegishli tarzda rasmiylashtirilgan kelib chiqish sertifikati taqdim etilsa, eng ko‘p qulaylik berish yoki erkin savdo rejimi tiklanadi.
* Tovar erkin muomalaga chiqarilganidan keyingi bojxona nazoratida kelib chiqish sertifikati noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani aniqlansa, bojxona rasmiylashtiruvidan boshlab uch yil davomida to‘g‘ri sertifikat taqdim etilgan taqdirda tarif preferensiyalarini tiklash huquqi beriladi. Xalqaro normalarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
* Tranzit deklaratsiyalarini transport vositalari chegara bojxona postiga yetib kelishidan oldin taqdim etish tartibi joriy etiladi.
* Dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishning yangi soddalashtirilgan amaliyoti joriy qilinadi. Unga ko‘ra, dastlabki deklaratsiya vakolatli idoralar tomonidan tovarlarga sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun ariza sifatida qabul qilinadi.
* Xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarga sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlar dastlabki deklaratsiya asosida oldindan beriladi. Yakuniy deklaratsiyada ushbu hujjatlarni qayta aks ettirish amaliyoti bekor qilinadi.
* Dastlabki deklaratsiya asosida olib kirishga ruxsat berilgan tovarlar chegara bojxona postiga yetib kelgach, ularning xavf darajasiga qarab tezlashtirilgan tartibda chiqariladi. Mazkur tartibni qo‘llash bosqichlari va mexanizmini Bojxona qo‘mitasi belgilaydi.
* Eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun moliyaviy jarimalar vakolatli iqtisodiy operatorlarga nisbatan qo‘llanmaydi.

