Mahalliy

O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti importda 2 soat, eksportda 30 daqiqagacha qisqartiriladi

O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvi muddatlari import uchun 2 soatgacha, eksport uchun esa 30 daqiqagacha qisqartirilishi kutilmoqda. Bu "Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030" strategiyasida belgilangan asosiy maqsadlardan biridir.

Strategiyaga ko‘ra, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish maqsadida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalaniladi. Xususan, xavflarni boshqarish tizimi takomillashtiriladi, tovarlar va transport vositalarini bojxona hududiga yetib kelishidan oldin rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi, shuningdek, elektron navbat va deklaratsiyalarni avtomatik to‘ldirish mexanizmlari joriy etiladi.

Bojxona nazoratida zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish ham kengaytiriladi. Strategiyada bojxona hududlarini zamonaviy nazorat texnikalari bilan jihozlash, tovarlarning bojxona nazoratidan o‘tish jarayonini avtomatlashtirish va aniqlangan tovarlar qiymatini 450 milliard so‘mgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Transport vositalarining bojxona hududiga kirish va chiqishida elektron plombalardan foydalanish ulushini 30 foizga yetkazish ham rejalashtirilgan.

Hujjatda inson omilini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2030-yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ko‘lamini 60 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu tadbirkorlar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va tovarlarni mamlakatga olib kirish hamda eksport qilish jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Strategiya doirasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan qator chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, ular bojxona tizimini modernizatsiya qilish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tashqi savdo operatsiyalarini soddalashtirish va bojxona xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda elektron tijorat va xalqaro tashishlar bilan bog‘liq xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish taklif qilingan edi. Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 15-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.