Mahalliy

O‘zbekiston uchun kelajakda istiqbolli mehnat bozori ma’lum qilindi

Markaziy bank O‘zbekiston uchun kelajakda istiqbolli mehnat bozorini o‘z tahliliy sharhida e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2030-yilga borib Yevropa mamlakatlarida aholining qarishi va mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushining kamayishi mehnat bozori uchun asosiy tarkibiy muammolardan biriga aylanishi kutilmoqda. Federal bandlik agentligi huzuridagi Mehnat bozorini o‘rganish instituti va Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hududda ishchi kuchi taqchilligi 7,5 milliondan 10,5 million kishigacha baholanmoqda. Natijada, muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, agrar soha, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchiga talabning oshishi kutilmoqda.

Masalan, Germaniyada har yili kamida 400 ming malakali migrant kirib kelmasa, yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Nordik davlatlar ekologik toza texnologiyalar markaziga aylanmoqda, yashil metallurgiya, shamol energetikasi, axborot texnologiyalari sohasida talab ortib boradi.

**Tibbiyot va ijtimoiy ta’minot sohasi (2026—2030-yillar)**

AQSH, Yevropa davlatlari, xususan Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya, shuningdek Osiyoning Yaponiya va Koreya kabi mamlakatlarida aholining qarishi natijasida tibbiyot, parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ishchi kuchiga ehtiyoj eng yuqori yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Germaniya Xususiy tibbiy sug‘urta ilmiy instituti (WIP) prognoziga ko‘ra, 2030-yilga kelib Germaniyada parvarishga muhtoj aholi soni 5,7 million nafarga yetishi, buning natijasida sog‘liqni saqlash va parvarishlash tizimida 500 ming nafargacha qo‘shimcha xodimga, Buyuk Britaniyada esa 90 ming nafarga yaqin qo‘shimcha parvarish xodimiga ehtiyoj yuzaga kelishi mumkin (Skills England tashkiloti).

Yaponiyada parvarishlash, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 6-7 million nafar, Janubiy Koreyada esa kemasozlik, metallga ishlov berish, elektronika va sanoat tarmoqlarida 1,2-1,5 million nafar ishchi kuchi taqchilligi yuzaga kelishi prognoz qilingan.

Yaqin istiqbolda ushbu davlatlarda katta yoshdagi aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maxsus tibbiy xizmatlar, jumladan geriatriya, uyda parvarishlash, shuningdek, maxsus transport, robototexnika hamda “aqlli uy” tizimlarini boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida mutaxassislarga talab ortib boradi.

**“Yashil" energetika va ekologiya (2026-2030-yillar)**

Yevropa Ittifoqi davlatlari, xususan Germaniya va Daniya, shuningdek Yaqin Sharq mamlakatlarida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan yirik loyihalarning amalga oshirilishi energetika, muhandislik, ekspluatatsiya va ekologik xizmatlar sohalarida malakali kadrlarga talabni sezilarli oshiradi.

Germaniyada quyosh panellari va shamol turbinalarini o‘rnatish, texnik, motorist, mexaniklar, ekologiya muhandislari, elektr va avtonom transportni ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida 300 ming mutaxassis yetishmovchiligi prognoz qilingan.

**Fors va Arab ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishi**

Ushbu davlatlarda “Vision 2030” kabi milliy rivojlanish dasturlari doirasida iqtisodiyotni neftga qaramlikdan bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish, turizm, qurilish, transport, sog‘liqni saqlash va xizmatlar sohalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, ushbu jarayonlar natijasida Saudiya Arabistonida 1,5 - 2 million nafar, Birlashgan Arab Amirliklarida esa 1 million nafar qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj shakllanishi mumkin.

Saudiya Arabistonida yirik infratuzilma va turizm loyihalarini amalga oshirishda qurilish va texnik mutaxassislarga, sog‘liqni saqlash sohasida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga talab ortishi, Birlashgan Arab Amirliklarida esa mehmonxona va restoran ishi, turizm, servis, aviatsiya va logistika sohalarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, eng yuqori o‘rtacha ish haqi darajalari Yevropa (Lyuksemburg, Belgiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqalar), Shimoliy Amerika (Kanada va AQSH), shuningdek, Osiyo davlatlarida minimum ish haqlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan.

“Kelgusida tashqi mehnat migratsiyasini tashkiliy asosda rivojlantirishda jahon mehnat bozoridagi demografik va tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan yangi geografik va kasbiy yo‘nalishlarni inobatga olish maqsadga muvofiq”, deyiladi Markaziy bank sharhida.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 40 ga yaqin davlatda taxminan 1,4 million nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda xalqaro mehnat migratsiyasi global yo‘nalishlariga integratsiyalashib, mehnat muhojirlari an’anaviy davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya) bilan bir qatorda Yevropa va Osiyo davlatlariga yo‘nalmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.