Mahalliy

“Qoidalarda tirqish qolmasin!” — iqtisodchi taksi xizmatiga doir o‘z taklifini aytdi

Shimoldan qaytgan va qaytayotgan mehnat muhojirlarimiz uchun mehnat bozorimizda mutanosib taklif yaratishimiz kerak

“Qoidalarda tirqish qolmasin!” — iqtisodchi taksi xizmatiga doir o‘z taklifini aytdi

Iqtisodchi Otabek Bakirov O‘zbekistonda taksi va yetkazib berish xizmatlarida faqat o‘zbekistonliklar ishlashi bilan bog‘liq talab joriy etishni taklif qildi. Ekspert bu chorani geosiyosiy vaziyat murakkablashayotgan sharoitda O‘zbekistonda o‘zbekistonliklarning ishlashi va ish beruvchilar tomonidan vatandoshlarimizni ustuvor tanlash majburiyati ta’minlanishi zarurati bilan asoslagan.

“Yuz berayotgan voqealar va berilayotgan ishoralar ko‘rsatmoqdiki, keyingi oylarda shimolda vaziyat yanada og‘irlashadi va eskalatsiya faqat ortib boradi. Shimoldan qaytgan va qaytayotgan mehnat muhojirlarimiz uchun mehnat bozorimizda mutanosib taklif yaratishimiz kerak. Bunga barcha imkoniyatlar bor. Eng avvalo, yirik sanoat va infratuzilma loyihalarida shartli hindistonlik va bangladeshlik ishchilarni jalb qilishni to‘xtatish lozim... quyi va o‘rta pog‘onada faqat o‘zbekistonlik ishlatilishi kerak, tamom. Yuqori menejment, O‘zbekistonda yetarli taklifi yo‘q muhandislik va texnik pozitsiyalarga mayli, erkin tanlayverishsin. Sodda qilib aytganda, Olmaliqdagi 4- va 5- fabrikada ham, Toshkent–Samarqand yo‘lida ham, yangi aeroport qurilishida ham, Yangi Toshkentning sanoqsiz loyihalarida ham ustuvor ravishda ishchi kuchi o‘laroq o‘zbekistonliklar qabul qilinishi zarur”, — deb yozdi jumladan O.Bakirov.

Ekspertga ko‘ra, bu talab nafaqat sanoat va infratuzilma loyihalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, qurilish va bank faoliyatiga ham taalluqli bo‘lishi kerak.

“Ayrim banklar bor, nomini aytish shartmas, hatto o‘rta va o‘rtadan past lavozimlargayam, bozorda yetarlicha malakali taklif bo‘laturib shimoldan kelganlarni karrasiga yuqori maosh bilan ishga olgan va olishda davom etmoqda. Mehnat vazirligi ham, Markaziy bank ham bunga umuman e’tibor bermayapti...

Xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish qoidalari o‘zgartirilishi kerak. Lozim bo‘lsa, qonun darajasida. Amaldagi qoidalar umuman eskirgan, mavjud iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy realliklarni ifodalamaydi. Qoidalarda aniq taqiqlar va tirqish qoldirmaydigan mezonlar belgilanishi, ustuvorliklar tasdiqlanishi zarur.

Ayni paytda zudtar ijro qilinishi lozim choralardan biri — taksi va yetkazib berish xizmatlarida faqat o‘zbekistonliklarni ishlashi bilan bog‘liq talablar bo‘lishi lozim”, — deb hisoblaydi iqtisodchi.

Avval xabar berganimizdek, 2026-yil 10-avgust kuni tongda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahrida joylashgan bir qator obyektlarga dronlar orqali hujum sodir bo‘lgani oqibatida quruvchi bo‘lib ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana bir necha vatandoshimiz turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirildi.

“Nijnekamskda qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz yurtida, oilasi bag‘rida ishlashi mumkin edi”, — deya o‘zi taklif etayotgan choralarning ahamiyatini ta’kidlagan O.Bakirov.

“Mirkonomika” kanali muallifi, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev hamkasbining ushbu taklifiga mehnat bozorida o‘zbekistonliklarga ustunlik berish na qisqa, na uzoq muddatda ijobiy natija bermaydi deya e’tiroz bildirdi.

“Birinchidan, mamlakatimizda mehnat faoliyatini olib borayotgan chet elliklar soni u qadar ko‘p emas. Masalan, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatimizda bir yildan ortiq muddat davomida istiqomat qilayotgan chet elliklar soni 56,9 ming nafarni tashkil etadi...

Ikkinchidan, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz asosan past malakali ishlarda ishlashadi. Mamlakatimizda mehnat faoliyatini olib borayotgan chet elliklar esa asosan yuqori malakali ishlarda ishlashadi (albatta istisnolar mavjud). Ya’ni hozirgi sharoitda mamlakatimizdagi chet ellik ishchilarining o‘rniga o‘zbekistonliklarni joylashtirish imkoniyatlari yuqori emas...

Uchinchidan, mehnat bozorida mahalliy ishchilarga ustunlik berish ortidan o‘z navbatida o‘zbekistonliklar ishlaydigan mehnat bozorlarida shart-sharoitlar yanada qattiqlashishi mumkin”, – deb yozdi M.Xolboyev.

Uning fikricha, hozirgi geosiyosiy vaziyatda muhojirlarimizni himoya qilishning eng yaxshi vositasi bu ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratadigan iqtisodiy o‘sishga erishishdir.

Qayd etish joizki, Rossiya hududlarida mehnat muhojirlarining turli sohalar, masalan, taksi xizmatida ishlashi bosqichma-bosqich taqiqlanmoqda.

2025-yil dekabr oyida Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov patentli migrantlarga taksi haydovchisi bo‘lib ishlashni taqiqlovchi qarorni imzoladi.

Ilgari xuddi shunday taqiq Novosibirsk, Samara, Tula, Magadan, Chelyabinsk, Kaluga va Tyumen viloyatlarida, shuningdek, Yakutiya, Kamchatka va Qrimda ham qabul qilingan edi.

Avvalroq rossiyalik siyosatchi Sergey Mironov “hammayoqni kelgindilar egallab olgan”i vajidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etishni talab qilgandi.

Rus siyosatchilari fikricha, maktablarda migrantlarning farzandlari sonini ham keskin qisqartirish kerak.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.