Mahalliy

O‘zbekistonda akademik litseylar ta’lim sifati bo‘yicha sezilarli farq qilmoqda

Umummilliy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Qarshi davlat texnika universitetining 2-son akademik litseyida, eng past natija esa Toshkent arxitektura-qurilish universiteti akademik litseyida qayd etildi.

O‘zbekistonda akademik litseylar ta’lim sifati bo‘yicha sezilarli tafovutlar kuzatilmoqda

O‘zbekistondagi akademik litseylar orasida ta’lim sifati va o‘quv jarayoni bo‘yicha ancha katta farq borligi aniqlandi. Eng yuqori va eng past natija olgan litseylar o‘rtasidagi tafovut 45,3 ballni tashkil etdi. Bu haqda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining akademik litseylarda o‘tkazilgan umummilliy so‘rovnoma natijalariga bag‘ishlangan tahlilida ma’lum qilindi.

Tadqiqot 2026-yil 21-martdan 9-aprelga qadar respublikaning barcha 14 ta hududidagi 73 ta akademik litseyda o‘tkazilgan. Unda jami 27 077 nafar respondent, jumladan, 24 557 nafar o‘quvchi va 2 520 nafar pedagog ishtirok etgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, akademik litseylarda ta’lim sifati va o‘quv jarayoni bo‘yicha respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 71,4 ballni tashkil etgan.

Eng yuqori natija Qarshi davlat texnika universitetining 2-son akademik litseyida qayd etilgan — 96,4 ball. Keyingi o‘rinlarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti akademik litseyi — 93,2 ball, International Finance akademik litseyi — 92,1 ball, Buxoro davlat tibbiyot akademik litseyi — 91,3 ball hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti akademik litseyi — 90,7 ball joy olgan.

Eng past ko‘rsatkich Toshkent arxitektura-qurilish universiteti akademik litseyida aniqlangan — 51,1 ball. Shuningdek, Chirchiq davlat pedagogika universiteti akademik litseyi 51,2 ball, Shahrisabz davlat pedagogika instituti akademik litseyi 54,7 ball, Toshkent davlat texnika universitetining 1-son akademik litseyi 57,3 ball va O‘zbekiston Milliy universitetining S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi 58,9 ball olgan.

Hisobotga ko‘ra, akademik litseylarning 67,9 foizi yuqori yoki barqaror natija qayd etgan. Muassasalarning 10,5 foizi esa past va juda past natijali toifalarga kiritilgan. Hududlar kesimida ham sezilarli tafovut mavjud. Ta’lim sifati va o‘quv jarayoni bo‘yicha hududiy o‘rtacha ko‘rsatkich 69,8 ballni tashkil etgan. Eng yuqori natijalar Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilib, har ikki hudud 86 balldan olgan.

Keyingi o‘rinlarni Qashqadaryo — 83 ball, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 81 ball va Andijon viloyati — 74 ball bilan egallagan. Eng past natijalar Toshkent shahri — 51 ball, Toshkent viloyati — 52 ball va Sirdaryo viloyatida — 57 ball qayd etilgan. Shu tariqa, eng yuqori va eng past hududiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq 35 ballga yetgan.

Ixtisoslashuv yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy-texnik soha 89,7 ball bilan yetakchilik qilgan. Tibbiyot yo‘nalishidagi akademik litseylar o‘rtacha 87,9 ball, pedagogika yo‘nalishi 80,1 ball, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish esa 79,3 ball olgan. Shu bilan birga, so‘rovnomada qatnashgan o‘quvchilarning 86 foizi dars sifati va o‘qituvchilar mahoratidan, 92,8 foizi esa chuqurlashtirilgan fanlarni o‘zlashtirish darajasidan qoniqish bildirgan.

Tahlil xulosasida past natija qayd etgan akademik litseylar uchun manzilli rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, yuqori ko‘rsatkichli muassasalar tajribasini ommalashtirish va hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirish zarurligi qayd etilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.