Akademik litsey o‘quvchilari bino, infratuzilma va texnik jihozlar bo‘yicha muammolar borligini qayd etdi — so‘rovnoma
Unda o‘quvchilardan 16,6 mingdan ortiq mazmunli javob olingan. Ularning 1 337 tasi shikoyat sifatida tasniflangan. Sport infratuzilmasi hamda sinf xonalari va maishiy sharoitlar eng past baholangan yo‘nalishlar bo‘lgan.

Akademik litsey o‘quvchilari bino, infratuzilma va texnik jihozlar bo‘yicha muammolar mavjudligini qayd etgan — so‘rovnoma
O‘zbekistondagi akademik litseylar o‘quvchilari ta’lim muassasalarining bino va infratuzilmasi, texnik jihozlanishi hamda o‘quv sharoitlarini yaxshilash zarurligini bildirgan. Bu haqda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining 2026-yilda o‘tkazilgan umummilliy so‘rovnoma natijalari asosidagi tahlilida ma’lum qilingan.
Tadqiqot respublikaning 14 ta hududidagi 73 ta akademik litseyni qamrab olgan. Unda 24 557 nafar o‘quvchi va 2 520 nafar pedagog qatnashgan. So‘rovnomaning ochiq savollari bo‘yicha 16 645 ta mazmunli javob tahlil qilingan. Shulardan 15 308 tasi yoki 91,97 foizi taklif, 1 337 tasi yoki 8,03 foizi shikoyat sifatida tasniflangan.
Eng ko‘p takliflar o‘quv jarayoni va dasturlarini takomillashtirishga tegishli bo‘lgan — 2 763 ta. Bino va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 2 417 ta, texnik jihozlarni modernizatsiya qilish yuzasidan esa 1 432 ta taklif bildirilgan.
Shikoyatlar orasida ham aynan shu yo‘nalishlar ustunlik qilgan. Jumladan, o‘quv jarayoni va dasturlar bo‘yicha 243 ta, bino va infratuzilma yuzasidan 173 ta, texnik jihozlanish bo‘yicha esa 90 ta shikoyat qayd etilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilar imtihon va baholash tizimi, sport sharoitlari, oshxona faoliyati hamda qo‘shimcha ta’lim imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha ham fikr bildirgan. Sport infratuzilmasi va maishiy sharoitlar eng past baholangan.
O‘quvchilar bergan baholar asosida hisoblangan ta’lim resurslari va infratuzilmaning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 61,8 ballni tashkil etgan. Darslik va kutubxona resurslari bo‘yicha ijobiy baholar 83 foiz, axborot texnologiyalari va internet sharoitlari bo‘yicha 75 foiz bo‘lgan. Sport infratuzilmasi 58,8 foiz, sinf xonalari va maishiy sharoitlar esa 58,6 foiz bilan eng past baholangan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
Hududlar kesimida ta’lim resurslari va infratuzilma bo‘yicha eng yuqori natija Buxoro viloyatida kuzatilgan — 77,8 foiz. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 72,7 foiz, Qashqadaryoda 72,3 foiz, Surxondaryoda 71,3 foizni tashkil qilgan. Eng past natijalar Toshkent shahrida — 45,2 foiz, Sirdaryo viloyatida — 47,3 foiz va Toshkent viloyatida — 49,4 foiz qayd etilgan.
Alohida yo‘nalishlar bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Toshkent viloyatidagi sport infratuzilmasiga to‘g‘ri kelgan — 24 foiz. Tadqiqotda pedagoglarning baholari ham o‘rganilgan. Ularning 76,2 foizi akademik litseylarning moddiy-texnik bazasi to‘liq yoki yetarli darajada ta’minlanganini bildirgan. IT va internet ta’minoti bo‘yicha ijobiy baholar esa 73,8 foizni tashkil etgan.
Mazkur yo‘nalishda Andijon viloyatida pedagoglarning 46 foizi, Jizzax viloyatida 54 foizi IT va internet sharoitlarini ijobiy baholagan. Hisobot xulosasida akademik litseylarda auditoriyalar holati, maishiy sharoitlar, sport infratuzilmasi va texnik jihozlarni yaxshilash aksariyat hududlar uchun ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlangan. Shuningdek, o‘quvchilarning ochiq javoblarida ta’mirlash, jihozlash, o‘quv dasturlarini yangilash va ta’lim jarayonini takomillashtirishga oid masalalar ko‘p uchragani qayd etilgan.
Ushbu tahlilga ko‘ra, akademik litseylarda ta’lim sifati va o‘quv jarayoni bo‘yicha respublika o‘rtacha ko‘rsatkichi 71,4 ballni tashkil etgan. Eng yuqori natija Qarshi davlat texnika universitetining 2-son akademik litseyida qayd etilgan — 96,4 ball. Eng past ko‘rsatkich Toshkent arxitektura-qurilish universiteti akademik litseyida aniqlangan — 51,1 ball.

