O‘zbekistonda 2026-yilning sakkiz oyida kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha pasaydi

O‘zbekistonda 2026-yilning sakkiz oyida kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha tushdi
O‘zbekistonda 2026-yilning ilk sakkiz oyida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha kamaydi. Shu muddat ichida 49 ta tuman va 3,5 mingta mahalla kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi.
2026-yil uchun 1,1 million nafar aholini, ya’ni 263 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda yil oxirigacha kambag‘allik darajasini 5,8 foizdan sezilarli pasaytirish vazifasi belgilangan. Shu maqsadda joriy yilning sakkiz oyida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 515 mingta oila uchun individual rejalar tayyorlandi.
Mazkur rejalar asosida 390 mingta kambag‘al oila daromadini oshirishga yo‘naltirilgan 554 mingta bandlik xizmati bilan qamrab olindi. Jumladan, 160 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 67 ming nafarga imtiyozli kredit va subsidiyalar berildi, 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 22 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Mahallalarda yangi daromad manbalarini yaratish maqsadida hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 164 ming nafar aholining daromadi oshirildi. Kambag‘al oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 milliard so‘mlik kredit va 77 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Shuningdek, 1,4 ming gektar o‘rmon fondi yerlari 1,8 mingdan ortiq kambag‘al oilaga ko‘chatxona va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun ijara asosida berildi. Vazirlikka ko‘ra, bunda oilalarga tayyor yordamdan ko‘ra, o‘z mehnati orqali daromad olish imkoniyatini yaratishga alohida urg‘u berilgan.
Kambag‘al oilalar farzandlarining ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 125 ming nafar bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilindi. Buning uchun davlat byudjetidan qariyb 130 milliard so‘m ajratildi. Bundan tashqari, qariyb 50 ming nafar bola axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn kabi yo‘nalishlarda bepul kurslarda o‘qitildi.
Germaniyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda 37 ta og‘ir toifadagi tumandagi 89 ta texnikumda qariyb 1 600 nafar o‘quvchini tadbirkorlik yo‘nalishida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Aholining daromad topish imkoniyatlarini oshirish bilan birga, uning salomatligiga ham e’tibor qaratildi. Ijtimoiy reyestrdagi 351 ming nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlanib, ular uy sharoitida, ambulator va turli darajadagi shifoxonalarda davolandi. Qariyb 8,5 ming nafari jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilib, mehnat bozoriga qaytarildi.
Hududlardagi infratuzilmani yaxshilash uchun Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 33 ta tuman va 330 ta mahalla, shuningdek, og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 915 ta mahallaga jami 7,7 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar suv, elektr energiyasi, yo‘llar va ijtimoiy obyektlarni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Yilning qolgan qismida hududlar rahbarlariga yana 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, 1 million nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Yig‘ilishda kambag‘allik darajasi pasayib, ehtiyojmand aholi soni kamaygani, biroq ayrim mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha mas’ullar faoliyatida natija yetarli emasligi aytilgandi. Shavkat Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlari odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayotganini tanqid qilgan.

