O‘zbekiston: aholi, uy-joy va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi raqamlar
2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etgan.

O‘zbekistonning demografik va agrar manzarasiga oid yangi ma’lumotlar 2026-yilgi aholi, uy-joy va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalarida o‘z aksini topdi. Mamlakat aholisi 39 milliondan oshgan, shahar aholisi qishloq aholisidan ko‘paygan, shuningdek, qishloq xo‘jaligida ilgari rasmiy statistikada qayd etilmagan qariyb 1 million gektar yer aniqlangan.
2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etgan. Shundan 21 276 729 nafari (54,5%) shaharlarda, 17 770 592 nafari (45,5%) qishloqlarda istiqomat qiladi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri aholisi to‘liq shahar aholisi hisoblanadi. Shahar aholisi ulushi Namangan viloyatida 66,2%, Navoiy viloyatida 59,3%, Toshkent viloyatida 58,7%ni tashkil etgan. Samarqand viloyatida esa shahar aholisi ulushi 39,9%, Xorazm viloyatida 38,1% bo‘lgan.
Ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining milliy tarkibi quyidagicha:
* O‘zbeklar – 84,5%
* Tojiklar – 4,8%
* Qozoqlar – 2,4%
* Qoraqalpoqlar – 2,2%
* Ruslar – 1,8%
* Qirg‘izlar – 0,8%
* Tatarlar – 0,4%
* Turkmanlar – 0,3%
* Koreyslar – 0,3%
* Ukrainlar – 0,1%
* Boshqa millatlar – 2,4%
Til xususiyatlari bo‘yicha aholining 91,3% o‘zbek tilida, 2,3% qoraqalpoq tilida, 2,2% tojik tilida, 2% rus tilida, 1,4% qozoq tilida so‘zlashadi.
Hududlar kesimida aholining median yoshi eng past ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida – 26,7 yosh bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati – 27 yosh va Andijon viloyati – 27,1 yosh qayd etilgan. Median yosh eng yuqori hududlar: Toshkent shahri – 30,9 yosh, Toshkent viloyati – 29,9 yosh, Buxoro viloyati – 29,5 yosh.
Ro‘yxat natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining 99,5% O‘zbekistonda tug‘ilgan. Xususan, Toshkent shahrida yashovchi 3,225 million aholining 81,5% poytaxtning o‘zida tug‘ilgan. Qolgan 18,5% O‘zbekistonning boshqa hududlari yoki xorijda tug‘ilgan. Toshkent viloyatida esa 3,763 million aholining 90,9% shu viloyatda, 9,1% boshqa hududlar yoki xorijda tug‘ilgan.
Uy-joy sharoitlari bo‘yicha aholining asosiy qismi – 85,3% yakka tartibdagi turar-joy uylarida istiqomat qiladi. Ko‘p kvartirali uylarda yashovchilar ulushi – 12,4%, dala hovlilarda – 1%, boshqa turdagi turar-joylarda esa 1,4%ni tashkil etgan. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ulushi eng yuqori Toshkent shahrida – 51,3%. Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 25,4%, Toshkent viloyatida 18,7%ni tashkil etgan.
Qishloq xo‘jaligida jami 1,03 million nafar xodim mehnat qiladi. Ularning 50,3% erkaklar, 49,7% ayollar. Eng e’tiborli natijalardan biri – qishloq xo‘jaligida avvalgi rasmiy statistik ma’lumotlarda qayd etilmagan 985,4 ming gektar qo‘shimcha yer resursi aniqlangani bo‘ldi.
Umuman, 2026-yilgi ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari O‘zbekistonning nafaqat demografik holati, balki uy-joy sharoitlari, mehnat resurslari, yer va suv zaxiralari hamda chorvachilik tarkibi haqida ham ancha batafsil tasavvur bermoqda.

