Mahalliy

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi olti oyda 5 foizdan 4,5 foizga pasaydi — Jamshid Qo‘chqorov

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov kambag‘allik darajasi 2026-yilning birinchi yarmida 5 foizdan 4,5 foizga pasayganini ma’lum qildi. Bu davrda ijtimoiy reyestrdagi 227 mingta kambag‘al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatilgan, 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi olti oy ichida 5 foizdan 4,5 foizga tushdi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Qonunchilik palatasida 2026-yilning birinchi yarmidagi davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hisobotida ma’lum qildi.

Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oilaga daromadlarini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish maqsadida 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan bo‘lib, bu 246 ming nafar aholining bandligini ta’minlagan.

Hisobot davrida 460 ming nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. 2750 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi. Og‘ir toifadagi 37 ta hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 33 ta tuman va 915 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash dasturlariga 9 trillion so‘m ajratilib, 3200 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 8,5 foizga o‘sgan. Sanoat 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sishni qayd etgan.

Hisobot davrida 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Oltinni hisobga olmaganda eksport hajmi 14,4 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,6 foizga ko‘paydi. Kapital qo‘yilmalar hajmi qariyb 339 trillion so‘mni tashkil etdi. Yillik hisobda inflyatsiya darajasi 6,4 foizni tashkil etdi.

21-iyulda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yil yakuniga qadar YAIMning kamida 8 foiz o‘sishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bosh vazir o‘rinbosari buning uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini belgilashda qo‘llanadigan ko‘rsatkich 6,9 foizga – bir kishi uchun oyiga 669 ming so‘mdan 715 ming so‘mgacha (kuniga 22 ming so‘mdan 23 ming so‘mgacha) oshirilgandi. 2022-yildan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etishda qo‘llanadigan jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtirilgan. Ayrim nafaqalar va boshqa ijtimoiy normalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lmagan darajada to‘lanishi lozim.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.