O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda” aksiyasi qayta tiklanadi
Uni amalga oshirish va rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda” aksiyasi yana yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda “O‘n ming qadam piyoda” aksiyasini amalga oshirish va rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizom loyihasi 13-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, aksiya “Ekofaol fuqaro” platformasi orqali amalga oshiriladi. Unda O‘zbekiston hududida bir yil davomida eng ko‘p qadam bosgan, shuningdek, bir kunda 10 ming qadamdan kam yurmagan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolari qatnashadi hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Bunda O‘zbekiston hududida bir yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar kesimida yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar alohida, respublika bo‘yicha esa 1–3-o‘rinlar alohida aniqlanadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Sport vazirligi bilan birga mazkur nizom talablarini platforma orqali buzgan holda bajargan shaxslarni aniqlashga qaratilgan monitoring tadbirlarini muntazam olib boradi. Qadamlar sonini sun’iy ravishda oshirishga urinishlar aniqlansa, fuqaro chetlashtiriladi va natijalar bekor qilinadi.
Belgilangan tartibni buzgan (buzishda gumon qilingan) fuqarolarning akkauntlariga cheklovlar (vaqtincha cheklovlar) qo‘yiladi, platformada aldov yo‘li bilan g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar esa diskvalifikatsiya qilinadi.
Quyidagilar nizom talablarini platforma orqali buzish hisoblanadi: boshqa shaxsning akkauntidan foydalanish; elektron yugurish yo‘lagi, avtoulov, samokat, velosiped, skuterlar va boshqa texnika vositalaridan foydalanish; texnik vositalar yordamida qadamlarni sun’iy ravishda ko‘paytirish; platforma faoliyatiga noqonuniy aralashish.
Operator quyidagi holatlarda ishtirokchi natijalarini tekshirish huquqiga ega: g‘ayritabiiy yuqori ko‘rsatkichlar aniqlanganda; sun’iy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari mavjud bo‘lganda; boshqa ishtirokchilardan murojaatlar kelib tushganda; texnik nosozliklar kuzatilganda.
Aholi orasida kunlik yurish va yugurishni ommalashtirish maqsadida 2021-yil 1-iyunda “Sog‘lom turmush tarzi” — “1hls.uz” platformasi ishga tushirilgan va 10 ming qadam yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan pul to‘lash yo‘lga qo‘yilgandi. Loyiha prezidentning 2022-yil 6 apreldagi farmoni bilan bekor qilingandi.
Prezidentning 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida 10 ming qadam piyoda yurish tajribasini qayta tiklash belgilandi.

