Mahalliy

2030 yilga qadar havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5 foizga kamaytiriladi

7 sentyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Xalqaro moviy

2030 yilga borib havoni ifloslantiruvchi moddalar hajmi 10,5 foizga qisqartiriladi

7 sentyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Xalqaro moviy osmon uchun toza havo kuni” munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Alisher Salomov O‘zbekistonda Prezident rahbarligida atrof-muhitni muhofaza qilish sog‘liqni saqlash, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va iqlim siyosatini o‘zaro bog‘lovchi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. U 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasini bunga misol sifatida keltirdi.

“Bizning milliy maqsadimiz — 2030 yilga qadar atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish. Mazkur maqsad aholi salomatligini yaxshilash, shaharlarimizni yashash uchun yanada qulay qilish, sanoatni tozalash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bo‘lgan qat’iy majburiyatimizni ifodalaydi”, — dedi Alisher Salomov.

Rais maslahatchisi o‘z chiqishida mintaqada havo sifati bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Xalqaro toza havo konsorsiumini tashkil etish tashabbusi ilgari surilganini, bu tashabbus Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanganini alohida qayd etdi. Shuningdek, samarali hamkorlik uchun Yaponiya hukumatiga, BMT Taraqqiyot dasturiga (UNDP), BMT Atrof-muhit dasturiga (UNEP), Finlyandiya meteorologiya institutiga, «Zamin» fondiga hamda barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Zamin» xalqaro jamoat fondi direktori Aziz G‘aniyev “Toza havo” umummilliy loyihasi faqat monitoring stansiyalarini o‘rnatish bilangina cheklanib qolmasligini aytdi.

"2020 yilda havo sifatini monitoring qilish tizimini kuchaytirish maqsadida boshlangan tashabbus bugungi kunga kelib, hukumat, ekspertlar, olimlar va xalqaro hamkorlar uchun ishonchli havo sifati ma’lumotlarini yanada ochiq, qulay va amaliy foydalanish imkonini beruvchi keng qamrovli milliy tizimga aylandi. Bu esa, pirovardida, O‘zbekiston aholisi uchun yanada toza havo va sog‘lom atrof-muhitni ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam zamin yaratmoqda", — dedi u.

Tadbir davomida O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tizimi rivojiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, mahalliy va xorijlik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tizimini rivojlantirish, havo ifloslanishining iqtisodiy va ekologik ta’siri, monitoring ma’lumotlaridan samarali foydalanish, shuningdek, transchegaraviy havo ifloslanishi va chang bo‘ronlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda havo sifatini yaxshilash kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Xususan, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unov “O‘zbekistonning toza havoni ta’minlash borasidagi taraqqiyoti: besh yillik tizimli o‘zgarishlar”, UNEPning mintaqaviy koordinatori Tomas Markes O‘zbekistonda toza havoni ta’minlashda UNEPning ahamiyati, FMI havo sifati va energetika guruhi rahbari Katya Loven “Havo sifatini zamonaviy monitoring qilish: ma’lumotlardan samarali yechimlargacha”, BMT Taraqqiyot dasturining atrof-muhit va loyihalar bo‘yicha mutaxassisi Gavhar Qudaybergenova “Toza havoni ta’minlash va barqaror shahar rivoji uchun kompleks yechimlar”, BMT YIKning Uzoq masofalarga transchegaraviy havo ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Albena Karadjova “Chegarasiz toza havo: xalqaro va mintaqaviy hamkorlik”, Ekologiya milliy qo‘mitasi bosh mutaxassisi Aziza Sharofova esa “O‘zbekistonning chora-tadbirlari va havo sifatini yaxshilash rejalari” mavzulariga to‘xtaldi.

Tadbir davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni bir maydonga jamlab, O‘zbekistonning havo sifatini monitoring qilish borasidagi yutuqlari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi. Unda havo sifatini monitoring qilish va ifloslanishning iqtisodiy ta’sirini baholashdan tortib, amaliy choralar hamda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalarigacha bo‘lgan mavzular ko‘rib chiqildi. Transchegaraviy havo ifloslanishi, chang bo‘ronlari va xalqaro hamkorlik mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tarmog‘i va «Ekonazorat» platformasi kengaytirilmoqda. «Zamin» fondi ko‘magida 28 ta avtomatik havo monitoringi stansiyasi HORIBA (Yaponiya, Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Mazkur tizimni respublika bo‘ylab yanada kengaytirish maqsadida 347 ta kichik avtomatlashtirilgan havo sifati monitoring stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalardan olinadigan ma’lumotlar Qo‘mitaning yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bu hududlarni qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ifloslanish holatini yanada aniq baholash va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.