Qirg‘izistonda 3 yil qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik aka-uka ushlandi

Qirg‘izistonda uch yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik aka-ukalar qo‘lga olindi.
Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanida firibgarlikda gumonlanayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. Ular 2023-yildan beri qidiruvda bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmatiga tayanib “24.kg” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda Oq Turpoq qishlog‘i aholisi aka-ukalar ustidan shikoyat qilgan. Gumonlanuvchilar plastik derazalar yasab berishni va’da qilib, pullarni olgan, ammo va’dalarini bajarmagan.
Tergov jarayonida jabrlanganlarga yetkazilgan umumiy moddiy zarar 122 ming som (1300 dollar)ni tashkil etgani aniqlandi. Holat yuzasidan “Firibgarlik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilar 2023-yilda rasman qidiruvga berilgan edi.
Qadamjoy tumani IIB xodimlari ularning joylashgan manzilini aniqladi. Qidiruvdagilar O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1989 va 1991-yilda tug‘ilgan aka-ukalar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ikkala shaxs ham Qadamjoy tumanida qo‘lga olindi va militsiya bo‘limiga olib kelindi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

