O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonligidagi U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lib o‘tadi
FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati 2027-yil 17-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. 'Ozarbayjon va O‘zbekiston dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilarini mezbon sifatida kutib olishga tayyor', dedi Infantino.

O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonligidagi U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentabrdan 9-oktabrgacha o‘tkaziladi
O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan FIFA U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lib o‘tadi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zining rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
“Men FIFA U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lib o‘tishini e’lon qilishdan mamnunman! Ozarbayjon va O‘zbekiston dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilarini mezbon sifatida kutib olishga tayyor”, — dedi Infantino.
Shuningdek, FIFA rahbari turnir ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyulida O‘zbekiston va Ozarbayjon U-20 Jahon chempionati mezbonligi uchun birgalikda ariza topshirdi. FIFAning 2-oktabrdagi yig‘ilishida ariza ma’qullandi.
2025-yil 15-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi. Unga ko‘ra, chempionat tashkiliy qo‘mitasiga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi.
Toshkentdan Yangi Toshkentgacha alohida avtobus yo‘nalishi rejalashtirilgan. Avtobuslar va metro o‘yinlarga akkreditatsiya va chiptaga ega bo‘lganlarning barchasiga bepul xizmat ko‘rsatadi.
Qaror bilan Toshkentda FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish ma’qullandi (bu rejalar sentabr oyida e’lon qilingandi). FIFA uni saqlash xarajatlarini qoplaydi, O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 50% gacha hissa qo‘shadi. Binoni ta’mirlash va jihozlash xarajatlari O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.
Hujjatda jamoatchilikni Jahon chempionatining bosh sovrini — Jahon kubogi bilan tanishtirish uchun butun mamlakat bo‘ylab marshrut ishlab chiqish va tashkil etish majburiyati belgilangan.
Ba’zi o‘yinlar hozirda qurilayotgan 55 ming o‘rinli Yangi Toshkent markaziy futbol stadionida bo‘lib o‘tadi.

