Sport

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Suriyani yirik hisobda mag‘lub etib, U-20 Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Suriyani yirik hisobda taslim etib, U-20 Osiyo Kubogiga yo‘llanma oldi

2027-yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan yoshlar (U-20) o‘rtasidagi Osiyo Kubogi uchun saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi o‘yinini o‘tkazdi.

B guruhidagi keyingi uchrashuvda Jamoliddin Rahmatullayev boshqaruvidagi O‘zbekiston yoshlari Suriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.

Bellashuvning 10-daqiqasidayoq Diyor Ermanov hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Asosiy vaqt yakuniga yaqin, aniqrog‘i 81-daqiqada Quvonchbek Abrayev ustunlikni ikkitaga yetkazdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada esa Davron To‘laganov penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy natijani belgiladi.

Mazkur g‘alaba evaziga Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari 9 ochko jamg‘arib, guruhda 1-o‘rinni egalladi va Osiyo Kubogining asosiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, guruhda 6 ochko to‘plagan Hindiston yoshlar terma jamoasi ham 2-o‘rin bilan Xitoyda o‘tadigan Osiyo Kubogiga yo‘l oldi. Suriya (3 ochko) va Bangladesh (0 ochko) esa saralashdagi ishtirokini yakunladi.

Turnir 2027-yil 24-martdan 10-aprelga qadar Xitoyda o‘tkaziladi. Osiyo Kubogida yarim finalga chiqqan jamoalar (kuchli to‘rtlik) esa 2027-yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Ahamiyatlisi, Ozarbayjon va O‘zbekiston hamkorligida o‘tkaziladigan ushbu kichik mundialga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi mezbon sifatida avtomatik tarzda yo‘llanma olgan.

U-20 Osiyo Kubogi-2027. Saralash turniri

O‘zbekiston — Suriya 3:0

Gollar: 1:0 — Diyor Ermanov (10), 2:0 — Quvonchbek Abrayev (81), 3:0 — Davron To‘laganov (90+4, penalti).

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.