O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida yuk tashish uchun E-Permit tizimi joriy etildi

**O‘zbekiston va Gruziya yuk tashishda E-Permit tizimini ishga tushirdi**
O‘zbekiston Transport vazirligi Gruziya bilan xalqaro avtomobil yuk tashishlari uchun mo‘ljallangan elektron ruxsatnoma — E-Permit tizimini muvaffaqiyatli tatbiq etdi.
Ushbu yangilikka ko‘ra, milliy tashuvchilarga "ikki tomonlama", "tranzit" va "uchinchi davlatga/dan" toifasidagi ruxsatnomalar endilikda faqat elektron shaklda, ularning arizalari asosida beriladi. Bu esa avvalgi taqsimlanadigan qog‘oz blankalardan voz kechishni anglatadi.
Yangi tizim ruxsatnomalarni olish jarayonini tezlashtirish, qog‘oz blankalardan foydalanishni kamaytirish va inson omilini minimallashtirishga qaratilgan. Shuningdek, u milliy tashuvchilar uchun xalqaro yuk tashuvlarida yanada qulay va shaffof mexanizm yaratadi.
E-Permit – bu xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun beriladigan elektron ruxsatnoma bo‘lib, u tashuvchiga boshqa davlat hududiga kirish, undan tranzit o‘tish yoki uchinchi davlatga/dan yuk tashish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi. O‘sha uchrashuvda delegatsiyalar rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashilgan bo‘lib, jumladan, E-Permit ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum ham imzolangan edi.

