O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston transport-logistika sohasi vakillari ishtirokida Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida bir qator muhim masalalar, jumladan, haydovchilar uchun vizalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va to‘lovlarni maqbullashtirish, Farap–Olot chegara o‘tish punktidagi jarayonlarni takomillashtirish, shuningdek, navbatlar va kutish vaqtini qisqartirish bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, tez buziladigan yuklar uchun maxsus yo‘lak yaratish, neytral hududda ikkinchi ko‘prik qurish, Turkmanboshi porti orqali avtomobil va temir yo‘l orqali yuk tashishni tezlashtirish, vazn va gabarit cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turkmaniston tomoni bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqishga va ularni tegishli davlat organlariga yetkazishga tayyorligini bildirdi.

