Mahalliy

O‘zbekiston quruvchilari Serbiyada 200 kilometrlik temiryo‘l qurilishida ishtirok etadi

O‘zbekistonlik quruvchilar Serbiyada 200 kilometrlik temiryo‘l qurilishida qatnashadi

O‘zbekiston quruvchilari Serbiyada temiryo‘l infratuzilmasini yangilash jarayonida, jumladan, 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini barpo etishda ishtirok etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 7-sentyabr kuni, prezident tashrifi oldidan O‘zbekiston—Serbiya hukumatlararo komissiyasining ilk majlisi o‘tkazilgan. Uchrashuvga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiya xalqaro iqtisodiy aloqalar vaziri Nenad Popovich hamraislik qildi. Unda, shuningdek, ikki tomonning tegishli vazirliklari, idoralari va hududlari vakillari qatnashdi. Kun tartibi bir nechta ustuvor yo‘nalishni qamrab oldi. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, turizm, madaniyat, akademik almashinuv va mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, savdoni yanada erkinlashtirish yo‘lida muhim qadam qo‘yilgani bildirildi. Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu mexanizm tovar va xizmatlarning o‘zaro yetkazib berilishini, savdo tartiblarining soddalashtirilishini hamda tovar ayirboshlash hajmining oshishini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

“Biz bir qator kelishuvlarga erishdik. Birinchidan, savdoga to‘g‘ridan to‘g‘ri foyda beradigan mexanizm bu erkin savdo bitimi bo‘yicha ishlarni boshladik. Tez orada bitim loyihasi bo‘yicha ishlarni yakunlab, uni imzolaymiz va bu orqali O‘zbekiston mahsulotlariga Serbiya bozorida jozibador sharoitlar yaratiladi. Bundan tashqari, biz sanoat kooperatsiyadan ham alohida dasturni qabul qildik. Bu dastur doirasida biz yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, geologiya va metallurgiya va IT yo‘nalishlarida aniq loyihalarni belgilab oldik”, deydi Laziz Qudratov.

Vazirning aytishicha, o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar va quruvchilarning Serbiyada temiryo‘l loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va Serbiya tomoni hamkorligida mamlakat hududidagi temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jumladan, 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini qurish ishlari rejalashtirilmoqda.

“Ertaga ikki prezident uchrashuvlaridan keyin bu boʻyicha protokol imzolanadi. Ikkita loyiha, ikkita marshrut boʻyicha hozir transport vazirliklari gaplashyapti va bu biz uchun juda katta imkoniyat”, deydi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri.

Laziz Qudratov ushbu tashabbus O‘zbekiston quruvchilarining Yevropa bozoriga chiqishi va qit’ada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yo‘lidagi dastlabki tarixiy qadam bo‘lib, kelajakda shunday yirik loyihalarni davom ettirish uchun mustahkam asos yaratishini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish yakunida sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha 2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.