O‘zbekiston mahsulotlari Pokistonning yirik savdo tarmog‘ida sotilishi mumkin
Lahor, Islomobod va kelgusida Pokistonning boshqa shaharlaridagi yirik savdo nuqtalarida «Made in Uzbekistan» maxsus savdo

O‘zbekiston mahsulotlari Pokistonning yirik savdo tarmog‘ida sotilishi mumkin
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lgan «Al-Fatah» kompaniyasi bosh direktori Muhammad Anis bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar, yong‘oqlar, yangi meva-sabzavotlar, dukkakli ekinlar, konserva, murabbo, tomat pastasi, asal, o‘simlik yog‘i va qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini Pokiston bozoriga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
«Al-Fatah» rahbariyati O‘zbekistonda yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan quritilgan mevalar, yong‘oqlar, qishloq xo‘jaligi va qandolat mahsulotlariga qiziqish bildirdi. Shuningdek, milliy uslubda tayyorlanadigan keramika buyumlari ham Pokiston bozorida talabgir bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan, eksport salohiyatiga ega tayyor mahsulotlarni savdo tarmog‘iga bevosita yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston korxonalarida quritilgan mevalar, yong‘oqlar, dukkakli mahsulotlar va boshqa oziq-ovqat tovarlarini «Al-Fatah» brendi ostida qadoqlash loyihasini amalga oshirish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Kompaniya bosh direktori Muhammad Anisning aytishicha, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri Lahor, Islomobod va kelgusida Pokistonning boshqa shaharlaridagi yirik savdo nuqtalarida «Made in Uzbekistan» maxsus savdo bo‘limlarini tashkil etishdan iborat.
Dastlab bir nechta mahsulot turini qamrab olgan pilot loyihani yo‘lga qo‘yish, savdo natijalari va iste’molchilar talabini tahlil qilish asosida mahsulotlar turi hamda savdo nuqtalari sonini bosqichma-bosqich kengaytirish taklif qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan halol kolbasa va boshqa qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish masalasi ham muhokama qilindi. Import, sanitariya va halol sertifikatlash talablariga rioya qilingan holda, ushbu mahsulotlarni «Al-Fatah» tarmog‘ida sinov tariqasida sotish imkoniyatlarini o‘rganish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot uchun, 1941 yilda tashkil etilgan «Al-Fatah» Pokistonning yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari maishiy texnika, kosmetika, o‘yinchoqlar, sayohat buyumlari va boshqa iste’mol tovarlarini ham sotadi.
Hozirda kompaniyaning Pokistonning yirik shaharlarida 35 ta savdo nuqtasi va franchayzing asosida faoliyat yurituvchi 11 ta do‘koni mavjud.

