O‘zbekiston ilk bor London dizayn festivalida qatnashdi. Debyut nimasi bilan yodda qoldi? Gazeta reportaji
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi London dizayn festivalida an’anaviy hunarmandchilik va jonli ijroga bag‘ishlangan ommaviy dasturni qo‘llab-quvvatladi. V&A muzeyida Yulduz Muhiddinovaning so‘zana bo‘yicha mahorat darsi va xonanda Laylo’ning chiqishi qanday o‘tgani — Gazeta reportajida.

O‘zbekiston London dizayn festivalida ilk bor ishtirok etdi. Debyut nimasi bilan esda qoldi? Gazeta reportaji
12−20-sentabr kunlari Buyuk Britaniya poytaxtida eng yirik xalqaro dizayn festivallaridan biri — London Design Festival bo‘lib o‘tdi. Bu yil unda O‘zbekiston ilk bor qatnashdi: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) an’anaviy hunarmandchilik hamda jonli ijroga bag‘ishlangan ommaviy dasturni qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekistonlik xonanda va ijodkorlar ishtirokidagi tadbirlar dunyodagi eng yirik amaliy san’at va dizayn muzeylaridan biri hisoblangan Viktoriya va Albert muzeyida (V&A) tashkil etildi.
Gazeta muxbiri ushbu debyut qanday o‘tgani haqida hikoya qiladi.
London Design Festival (LDF) 2003-yilda dizayner, Newell and Sorrell dizayn-agentligi hammuassisi Jon Sorrell hamda kurator, dizayn sohasi eksperti Ben Evans tomonidan asos solingan. Festival ikki maqsadni ko‘zlaydi — sohaning yetakchi mutaxassislarini bir joyga jamlash va Londonning jahon dizayn poytaxti sifatidagi maqomini mustahkamlash.
U yagona maydonda emas, balki butun shahar bo‘ylab yoyiladi va dasturga asosiy madaniy muassasalarni, jumladan, ko‘psahnali Barbican Centre san’at markazi, Temza sohilida joylashgan va London Design Biennale o‘tkaziladigan XVIII asrga oid neoklassik qasr — Somerset House hamda Viktoriya va Albert muzeyini (V&A) qamrab oladi. Aynan shu muzeydagi festivalda O‘zbekiston o‘z debyutini amalga oshirdi.
ACDF va V&A hamkorligida tashkillashtirilgan ommaviy dastur 16-sentabr kuni Suzani Demonstration vorkshopi bilan boshlandi. Uni an’anaviy so‘zana ustasi Yulduz Muhiddinova olib bordi. U tashrif buyuruvchilarga so‘zananing uslublari va vizual tili haqida so‘zlab berdi hamda ularga o‘z asarlarini tikishda yordam berdi.
So‘zana ustasining aytishicha, muzeyda O‘zbekistondan keltirilgan eksponatlarga, ya’ni kolleksiyada saqlanayotgan so‘zana va boshqa kashtachilik namunalariga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishayotgani uni quvontirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, V&A muzeyi o‘zbek amaliy san’atini o‘rganishga qiziqadi.
Dastur 18-sentabr kuni Friday Late: Awakenings kechki tadbiri bilan davom etdi. Odatda u oyda bir marta o‘tkaziladi va muayyan mavzuga bag‘ishlanadi. Bu safar mavzuni festival hamda muzey va jamg‘arma hamkorligining o‘zi belgiladi — tashrif buyuruvchilarga zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy san’atni uyg‘unlashtirgan dasturlar taqdim etildi.
Oqshom doirasida Yulduz Muhiddinova so‘zana tikish bo‘yicha ikkita mahorat sabog‘i (vorkshop) o‘tkazdi. Tadbirning yakuniy qismi sifatida xonanda Laylo ikki marta jonli ijroda chiqish qildi. U Toshkent zamonaviy san’at markazi (CCA Tashkent) ko‘magida 2025-yilning noyabr oyida taqdim etilgan Roots albomidan o‘rin olgan taronalarni ingliz tilida kuyladi.
Musiqiy ijodida Laylo yosh mustaqil mamlakatda ulg‘ayish tajribasi, jamiyatdagi o‘zgarishlar, aralash milliy o‘zlik va jamiyatda ayolning o‘rni kabi mavzularga murojaat qiladi.
“Murakkab mavzu san’at tilida taqdim etilsa, uni qabul qilish ancha yengillashadi. Oddiy hayotda og‘riqli yoki keskin qabul qilinadigan narsalar haqida mulohaza yurita boshlaymiz. Men uchun bu — yumshoq tarzda qarashlarni o‘zgartirish (aktivizm) usulidir”, — deydi xonanda.
Roots albomida o‘zbek xalq cholg‘ularidan foydalanilgan bo‘lsa-da, Londonda kompozitsiyalar fortepiano jo‘rligida yangradi.
“Musiqamizning naqadar boy va rang-barang ekanini ko‘rsatish uchun bu yerga butun bir orkestrni olib kelishni juda xohlardim. Umid qilamanki, ijodiy ishlarimiz bilan bu yerga hali ko‘p kelamiz”, — deydi Laylo.
Har ikkala tadbir ham o‘zbekistonlik rassom Aziza Qodiriyning Sender Unknown (“Yuboruvchisi noma’lum”) installyatsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazildi. Ushbu asar V&A muzeyidagi Jamil Islom san’ati galereyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan V&A Jameel dasturi doirasida, muzey buyurtmasiga asosan hamda Sarixani oilasining qo‘shimcha ko‘magida yaratilgan.
Sender Unknown installyatsiyasi havoda muallaq turgan va qayrilgan metallar bo‘ylab tortilgan ikkita qarama-qarshi so‘zanalardan iborat. Ular galereyaning bir nechta ustunlari aylanib o‘tib, vitrinalar tepasida muallaq turganga o‘xshaydi.
Matolarda so‘zananing an’anaviy naqshlari zamonaviy syujetlar bilan yonma-yon joylashgan. Parchalarning birida tikuv mashinalari ortidagi ayollar aks etgan bo‘lib, bu chevar ayollar mehnatiga ishoradir.
Rassomning ta’kidlashicha, bu ish uning so‘zana va sun’iy intellekt bo‘yicha ko‘p yillik izlanishlarining mahsuli bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar madaniy xotirani saqlab qolish va yo‘qotishga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini tushunishga bo‘lgan urinishni ifodalaydi. Qodiriy sun’iy intellekt va so‘zanani bir-biriga qiyoslaydi: ma’lumotlar to‘plamini zamonaviy arxivga, an’anaviy kashtachilikni esa ayollarning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ramziy bilimlariga o‘xshatadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, inson yangi narsa yaratayotganda o‘zlashtirilgan g‘oyalarni o‘z tajribasi orqali qayta ishlaydi, sun’iy intellekt esa bunday tajribaga ega emas. U faqat ma’lumotlarni umumlashtiradi va “bir xillashtiradi”. Aziza Qodiriyning ta’kidlashicha, buning oqibatida ko‘plab detallar yo‘qoladi va vaqt o‘tishi bilan madaniyatning o‘zi ham unutilishi mumkin.
Buning oldini olish uchun rassom sun’iy intellekt modellarini o‘rgatadi, so‘ng “natijani hunarmand ayollarga qaytaradi”. Uning yondashuvida texnologiya an’anani unuttiruvchi emas, balki uni saqlab qoluvchi vositaga aylanadi.

